O`tgan kuz-qish mavsumida poytaxtdagi 400 ga yaqin aholining xonadonlari isimayotganligi haqidagi shikoyatlari qayd etilgan. Bu haqda Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar berdi.
Agentlik buning sabablarini aniqlash maqsadida bir qator hududlarda o`rganishlar o`tkazdi. Natijada kuz-qish davrida ayniqsa, keskin sovuq tushgan kunlarda isitish tizimida bir qator muammolar mavjudligi tasdiqlandi. Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Olmazor va Uchtepa tumanlariga xizmat ko`rsatuvchi TS-3, TS-5, TS-9, TS-10 issiqlik qozonxonalaridan etkazib berilgan issiqlik darajasi belgilangan me`yordan pastligi aniqlandi.
QONUN DOIRASIDA:
O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko`rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko`rsatishi) shartligi qayd etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko`p kvartirali uylarda issiqlik ta`minoti xizmatlari ko`rsatish” qoidalarining 132-bandiga asosan issiqlik energiyasi etkazib berilmaganligi yoki zarur sifatga ega bo`lmagan issiqlik energiyasi etkazib berilganligi to`g`risidagi dalolatnoma issiqlik ta`minoti bo`yicha xizmatlar uchun to`lov miqdorini qayta hisob-kitob qilish uchun asos hisoblanaishi belgilangan. Shuni ta`kidlash kerakki, ushbu Dalolatnoma tekshirish natijalari asosida Iste`molchi (yoki uning vakili), Etkazib beruvchi (“Toshissiqquvvati” DUK), Ijro etuvchi (UJMSh yoki boshqaruv kompaniyasi) tomonidan imzolanadi.
Raqamlarga murojaat: 85 mingdan ortiq abonentga 8,1 mlrd so`m
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi huzuridagi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi “Toshissiqquvvati” DUKga ko`rsatilmagan xizmat uchun to`lovlarni qayta hisoblash to`g`risida, shuningdek, boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish uchun zarur choralarni ko`rish bo`yicha ko`rsatma berdi. Bugungi kunga qadar berilgan ko`rsatma doirasida “Toshissiqquvvati” DUK tomonidan poytaxtimizning mazkur to`rtta tumanining 85 272 ta abonentiga 2020 yil noyabr-dekabr oylari uchun 8,1 mlrd so`mdan ortiq mablag` qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Iste`molchilarning abonent hisobraqamiga mablag`larini qayta hisoblash jarayoni davom ettirilmoqda.