Bugungi kunda bu qadar tez ishlab chiqarilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar ishonchlimi? Vaholanki bitta vaksina ishlab chiqarish uchun yillab vaqt ketadi. Bu savolga Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi direktor o`rinbosari Alisher Abdullaev javob berdi:
— Vaksinani ishlab chiqarishning barcha jarayonlari, uning biologik xavfsizligi, va GMP standartlariga mosligi JSST tomonidan tartibga solinishini doimo yodda tutishimiz kerak. Oddiy qilib aytganda, ishlab chiqarish barcha ruxsatnomalarni olmaguncha, vaksina JSST tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar ro`yxatiga kiritilmaydi. Xavfsizlikni baholash jarayoni barcha bosqichlarda o`tkazilib, mustaqil ekspertlar tomonidan diqqat bilan kuzatiladi. Masalan, yaqinda Pfizer vaksinasini ro`yxatdan o`tkazish to`g`risidagi ko`plab hujjatlar va yozishmalar oshkor bo`lib, uni ishlab chiqish va xavfsizlikni o`rganish bo`yicha barcha bosqichlar qanchalik diqqat va sinchkovlik bilan o`rganib chiqilgani va qanday baho berilganini ko`rish mumkin. Bu juda murakkab jarayon. Hozir dunyoda vaksinalarning xavfsizligini baholay oladigan ko`plab mustaqil laboratoriyalar va mutaxassislar mavjud. Ehtimolli zararlari aniqlansa, ular darhol jamoatchilikka ma`lum bo`ladi va mutaxassislar diqqat bilan o`rganadilar. Misol uchun uzoqdan izlash shart emas, hammangiz AstraZeneca qanday muammolarga duch kelganini ko`rdingiz.






