Vazirlar Mahkamasining “Yangihayot tumanida joylashgan eski turar joylarni investorlar mablag`larini jalb qilgan holda yangilash choralari to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Qayd etilishicha, Yangihayot tumani hududi Yo`ldosh (avvalgi Sputnik) massivida jami 432ta, o`tgan asrning 60-70 yillarida “fin texnologiyalari asosida” qurilgan ikki qavatli, ko`p kvartirali uylar mavjud. Mazkur uylar Toshkent zilzilasidan jabr ko`rgan fuqarolarni qisqa muddatlarda uy-joy bilan ta`minlash maqsadida tez quriluvchi blokli yog`och qismlardan, Finlyandiya tajribasi asosida barpo etilgan.
O`rganishlarga ko`ra:
- mazkur uylarda joylashgan 4559ta kvartira mavjud;
- uylar texnik holati qoniqarsiz bo`lib, qurilish konstruksiyasi tabiiy sharoit natijasida (quyoshli ob-havo) qurigan hamda yong`in xavfsizligi talablariga javob bermaydi;
- mazkur uylardan foydalanish muddatini uzaytirish uchun rekonstruksiya qilish imkoniyati mavjud emas va to`liq qayta qurishni talab etadi.
Qaror loyihasiga ko`ra, Yangihayot tumani Yo`ldosh mavzesida joylashgan eski, yog`ochdan qurilgan ikki qavatli ko`p kvartirali uylarda yashovchi aholini zamonaviy shaharsozlik va energiya tejamkorlik talablari asosida qurilgan yangi uylarga ko`chirish orqali yashash sharoitlarini yaxshilash (renovasiya dasturi) nazarda tutilgan.
Renovasiya dasturi doirasida:
- eskirgan uylarda yashovchi mulkdorlarga berish uchun “yashashga tayyor” shartlarda, “buzilgan kvartira maydoniga teng maydonli kvartira” tamoyili asosida kvartiralar qurish;
- qurish ishlarini tashkillashtirish va moliyalashtirish uchun Toshkent shahar hokimligi ta`sischiligida davlat unitar korxonasi shaklida
- “Invest in Yangihayot” direksiyasi tashkil etish;
- aholi uchun yangi, energiya tejamkor uylar qurishni moliyalashtirish uchun tijorat banklari kreditlarini jalb qilish;
- eskirgan uylarni buzish natijasida bo`shagan er maydonlarini investorlarga direksiya ko`chirish xarajatlariga teng qiymatda (bank krediti asosiy qarzi + hisoblangan foizlar, loyihalash va saqlash xarajatlari) to`lov evaziga ajratish ko`zda tutilgan.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun:
- “Invest in Yangihayot” direksiyasi tashkil etiladi;
- direksiyaga yangi ko`p kvartirali uylar qurish uchun Yangihayot tumani hududidan 20 ga er maydoni ajratiladi;
- yangi ko`p kvartirali uylarni loyihalash va qurish, obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishga tijorat banklari kreditlari Toshkent shahar hokimligi balansida bo`lgan ko`chmas mulk ob`ektlari ipoteka shartnomasi asosida taqdim etilgan holda jalb qilinadi.
Mazkur qaror loyihasini amalga oshirish natijasida:
- 2021-2022 yillarda Yangihayot tumanida 4559ta yangi kvartira qurilib, eskirgan uylardagi kvartiralar mulkdorlariga berish orqali ularning yashash sharoitlari yaxshilanadi;
- eskirgan uylarni buzish natijasida bo`shagan er maydonlari investorlarga, aholini ko`chirish uchun sarflangan mablag`lar (uy qurish uchun olingan kredit asosiy qarzi va foiz to`lovlari, direksiya saqlash xarajatlari) qiymatiga teng ravishda, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib beriladi;
- Yangihayot tumanida amalga oshiriladigan qurilish ishlari natijasida Toshkent shahrida 2021-2022 yillarda 1,140 trln so`mdan ortiq qurilish ishlarini amalga oshirish orqali qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar va pudrat tashkilotlariga talab oshadi va 250 mlrd so`mdan ortiq qo`shimcha soliq tushumlari tushishiga erishiladi.






