AsosiyJamiyat

Ikki shaxs o`rtasidagi mol-mulkni etkazib berish kelishuvi buzilganda sudga murojaat qilsa bo`ladimi?

'Ikki shaxs o`rtasidagi mol-mulkni etkazib berish kelishuvi buzilganda sudga murojaat qilsa bo`ladimi?'ning rasmi

"Darakchi" tahririyatiga Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi fuqaro Barchinoy Abdurayimovadan murojaat kelib tushdi:

Erim ikkalamiz Moskvada 6 yil davomida qizimning sepi uchun oshxona anjomlari va texnika vositalari, idish-tovoqlar, ayollar kiyimlari, matolar, qisqasi kelinning sepi uchun kerak bo`ladigan juda katta summani tashkil qiladigan barcha narsalarni yig`gandik. Farg`onalik bir kishi barcha narsalarimizni 23 ming rubl evaziga Toshkentga etkazib berishga va`da bergandi. MFY va posboni bilan uyiga borganimizda buni o`zi tan ham olgan. Lekin shu vaqtgacha mahsulotlarni etkazib bermadi. Qanday yo`l tutsak bo`ladi?

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining rais o`rinbosari Anvar YoRIEV bilan bog`landik...

— Fuqarolik prosessual kodeksining 236-moddasiga asosan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo`lmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo`yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak. 

Savoldan anglanishicha, siz bilan ikkinchi shaxs o`rtasida mol-mulkni etkazib berish haqida kelishuvga erishilgan. Ushbu holatda ikkinchi shaxs bitimdan kelib chiquvchi majburiyatni o`z zimmasiga olgan. 

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 985-moddasi bilan g`ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga etkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga etkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni etkazgan shaxs tomonidan to`liq hajmda qoplanishi lozimligi belgilangan. 

Ko`rsatib o`tilganlarlardan kelib chiqib, majburiyat bajarilmagan taqdirda siz shu shaxs yashaydigan fuqarolik sudiga majburiyatni yuklash, agar mol-mulkka shikast etkazilgan taqdirda etkazilgan zararni undirish haqida da`vo arizasi bilan murojaat qilishingiz mumkin bo`ladi. 

Shu bilan birga, Fuqarolik prosessual kodeksining 72-moddasi bilan har bir taraf o`zining talablari va e`tirozlariga asos qilib ko`rsatgan holatlarni isbotlashi shartligi belgilangan.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar