"Darakchi" tahririyatiga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro K.A.dan murojaat kelib tushdi:
— Erim hech qaerda ishlamagan, uyda o`tirgan. Sotib olingan mol-mulkka ham hech qanday hissa qo`shmagan. Ushbu holatda mol-mulkni er-xotinning umumiy mulki deb topish mumkinmi?
Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi raisi v.b. Malika ZAKIROVA bilan bog`landik...
— Oila Kodeksining 23-moddasiga ko`ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar bo`lajak er-xotinning umumiy mablag`lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko`rsatilmagan bo`lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, maxsus maqsadga mo`ljallanmagan boshqa pul to`lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo`lish yoki salomatligiga boshqacha zarar etkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo`qotganlik munosabati bilan etkazilgan zararni qoplash tarzida to`langan summalar va boshqalar) kiradi.
Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko`char va ko`chmas ashyolar, qimmatli qog`ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag`lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo`lishidan qat`i nazar ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro`zg`or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo`lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko`ra, mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo`lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo`ladi. Ushbu holatda sotib olingan mulklar, er yo xotinning sotib olingan mol-mulkka hissa qo`shmagani, ishlamagani va uyda o`tirganidan qat`i nazar umumiy mulk hisoblanadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA