"Darakchi" tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro A.Hakimovdan murojaat kelib tushdi:
— Mutaxassisligim qishloq xo`jalik mashinalari injener mexanigi. 1999 yil Chiroqchi qishloq xo`jalik kasb-hunar kollejiga ishlab chiqarish ta`lim ustasi vazifasiga ishga joylashdim. 2018 yil sentyabrida menga ish o`rni yo`qligini aytishdi. Menga bildirilgan ish takliflarini esa mutaxassisligimga to`g`ri kelmagani uchun rad qildim. Ishga tiklash to`g`risida fuqarolik ishlari bo`yicha sudga da`vo ariza kiritilgandi. Lekin sud tomonidan da`vo muddati o`tib ketgani sababli, da`vo ariza rad etildi. Endi qanday yo`l tutsam bo`ladi?
Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Bahodir SAIDMURATOV bilan bog`landik...
— Mehnat kodeksining 270-moddasiga ko`ra, ishga tiklash nizolari bo`yicha xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab, bir oylik muddat belgilangan. Darhaqiqat, da`vo muddatining uzrsiz sabablarga ko`ra, o`tkazib yuborilishi da`vo talabi asosliligidan qat`i nazar da`vo muddatini qo`llash haqida javobgar tomonidan arz qilingan taqdirda da`vo arizasini rad qilishga olib keladi. Biroq, ahamiyat berish lozimki, bir oylik da`vo muddatining o`tishi mehnat shartnomasini bekor qilish haqida buyruq chiqarilgan kundan emas, bu buyruq nusxasi xodimga topshirilgan kundan boshlab hisoblanadi. Da`vo muddatining o`tkazib yuborilishiga uzrli sabablar bo`lgan taqdirda, bu muddat sud tomonidan tiklanishi mumkin.
Sadoqat ALLABERGANOVA