AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasini yuqtirayotganlar soni ortmoqda — Hokimlik

'Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasini yuqtirayotganlar soni ortmoqda — Hokimlik'ning rasmi

Bu haqda xabar qilgan Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati so`nggi kunlarda viloyatda aniqlangan kasallar ko`rsatkichini solishtirib ko`rdi. 

Keltirilishicha, Toshkent viloyatida joriy yilning 20 mart holatiga ko`ra, koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar Zangiota tumani hududidagi 1-, va 2- ko`p tarmoqli klinikaga joylashtirilgan. 

Qayd etilishicha, 2020 yilning 15 martidan buyon ushbu kasallikni yuqtirgan 130 nafar bemor vafot etgan bo`lsa, shifoxonalarda davolangan 15 ming 681 nafar kishi sog`ayib chiqqan.

Bugungi kunda ushbu yuqumli dardning qayta tarqalayotganligi oqibatida, joriy yilning 12, 15mart kunlari 4 nafar , 16 mart kuni esa, 18 nafar, 17 martda 8 nafar, 18 martda 13 nafar, 19 martda ham 10 nafar kishida infeksiya alomatlari aniqlangan. Ular Zangiotadagi ikkita ko`p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Qolgan 93 nafar bemorga esa uy sharoitida davolanish tavsiya etilgan.

"Afsuski, viloyatning tuman va shaharlari aholisi o`rtasida koronavirus infeksiyasini yuqtirayotganlar soni ortishi kuzatilmoqda. Xususan, o`tgan 6 kun mobaynida Toshkent va Qibray tumanlarida 14 nafardan, O`rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahrida 5 nafardan, Chirchiq shahrida 9 nafar, Zangiota tumanida esa 4 nafar kishi infeksiyaga chalingan.

Viloyatdagi tibbiyot muassasalari o`tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, jami 970 nafar bemorga mo`ljallangan zaxira o`rinlari hozirlashgan. COVID-19 kasalligini boshidan o`tkazgan fuqarolar uchun tibbiyot muassasalarida 330 ta reabilitasiya o`rinlari mavjud. Kasallarni davolash uchun ishlatiladigan 49 turdagi jami 2 mlrd 908 mln so`mlik dori vositalari ham jamlangan.

Viloyatdagi har bir korxona va tashkilotlarda infeksiya tarqalishini oldini olishning keskin choralari ko`rilmoqda. Barcha jamoat joylarida fuqarolardan tibbiy niqobda yurish, antiseptik vositalardan foydalanish, o`zaro muloqotlarda ijtimoiy masofani saqlash mezonlari talab etilayotir.

«Beparvolik va xotirjamlikka berilish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin", - deyiladi xabarda. 

 

 

    Boshqa yangiliklar