AsosiyJamiyat

O`zbekistonda elektr tarmoqqa ulanish uchun bir martalik to`lov joriy etilishi mumkin

'O`zbekistonda elektr tarmoqqa ulanish uchun bir martalik to`lov joriy etilishi mumkin'ning rasmi

«Iste`molchilarning elektr tarmoqlariga ulanishi bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentini tasdiqlash to`g`risida» Vazirlar mahkamasi qarori muhokama uchun joylandi.

Qarorga ko`ra, endilikda maishiy iste`molchilardan tashqari quvvati 20 kiloVattgacha hamda quvvati 20 kiloVatdan 50 kiloVatgacha bo`lgan yangi iste`molchilarni tarmoqqa ulash uchun bir martalik to`lov joriy qilinishi mumkin. Hujjatda ushbu to`lovlar miqdori 7 million so`mdan 15 million so`mgacha belgilangan.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlanishi hamda 2021 yil 1 avgustdan boshlab kuchga kiritilishi qayd etilgan. Xususan, 2021 yil 1 avgustdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash Reglamentga muvofiq davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va onlayn platforma orqali amalga oshiriladi. Bunda, quvvati 20 kiloVatgacha bo`lgan iste`molchilar (maishiy iste`molchilardan tashqari) tayyor holda elektr tarmoqlariga ulanish bo`yicha Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi (HETK)ga BHMning 30 baravari (7 million 350 ming so`m) miqdorida;

- quvvati 20 kiloVatdan 50 kiloVatgacha bo`lgan iste`molchilar elektr tarmoqlariga ulanish bo`yicha HETKga BHMning 60 baravari (14 million 700 ming so`m) miqdorida bir martalik to`lovni amalga oshiradi.

HETK tomonidan iste`molchi to`lov qilganidan so`ng 20 ish kuni muddatda elektr tarmoqlariga ulab beriladi. HETKga to`lanadigan bir martalik to`lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

- 97 foizi – HETKning bank hisobvarag`iga;

- 2 foizi – «O`zenergoinspeksiya» bank hisobvarag`iga;

- 1 foiz – tanlov savdolari yakunida g`olib bo`lgan, onlayn platforma yaratgan tashkilot hisobvarag`iga o`tkaziladi.

Ma`lumot uchun: 2021 yil 22 mart holatiga ko`ra BHM – 245 ming so`mni tashkil etadi.

Qaror loyihasi 2021 yil 4 aprelga qadar davom etadi.

 

    Boshqa yangiliklar