2021 yilning 20 fevral kuni soat 22:30 larda 33 yoshli G`iyos Q., va 29 yoshli Abdivali B.,lar Mirishkor tumani “Yangi Mirishkor” mahallasida Azamat J.,ning uyi atrofida 31 yoshli Azizbek T., mast holatda aylanib yurganligini ko`rib, o`g`rilik qilish maqsadida kelgan deb o`ylab, unga nisbatan zo`rlik ishlatib, do`pposlab, daraxtga ip bilan bog`lab qo`yib, taxminan 1 soatdan ko`proq vaqt mobaynida g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, Azizbek T., muqaddam o`g`rilik jinoyati uchun 4 marotaba sudlanganligi, uni shu sababdan urib daraxtga bog`lab qo`yganliklari va bu holatni videoga tushirib, “Tik Tok” ijtimoiy tarmog`iga joylaganliklari aniqlangan.
Sud tibbiy ekspertiza xulosasida, Azizbek T.,da engil tan jarohatlari aniqlanganligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirishkor tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan G`iyos Q., va Abdivali B.,larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 138-moddasi 1-qismi (Zo`rlik ishlatib g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganlar.
Hozirda tergov davom etmoqda.






