Ijtimoiy tarmoq sahifalarida “Krasnogorsk” shaharchasidagi shifoxonaning holati to`g`risida tarqalgan videomurojaat o`rganildi.
Abdurasul ALIMOV - shifoxona bosh shifokori:
- Angren shahar Tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi “Krasnogorsk” shaharchasidagi shifoxonamiz binosi 1959 yilda qurilgan va shu yildan o`z faoliyatini boshlagan. Oltmish yildan beri, ya`ni, 2019 yilga qadar shifoxonadagi mavjud binolarda hech qanday qurilish va ta`mirlash ishlari olib borilmagan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2019 yil 1-3 iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifidan so`ng, “Krasnogorsk” hududida aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida, shifoxonada kapital ta`mirlash va rekonstruksiya ishlarini olib borish yo`lga qo`yildi. Buning uchun respublika byudjet mablag`lari hisobidan 9 mlrd. so`m mablag` ajratildi. 2019 yilning iyul oyidan “Bino inshoot industriya“ MChJ qurilish firmasi quruvchilari tomonidan loyiha asosida shifoxonaning asosiy binosi, yuqumli kasalliklar bo`limi, klinika tahlilxona va ko`p tarmoqli poliklinika binolari, shifoxona hududi va yo`laklari, tashqi devorlari rekonstruksiya va kapital ta`mirlanib, qozonxona va qozonlar yangidan qurilib, ishga tushirildi.

Bo`limlarga loyiha asosida yumshoq va qattiq jihozlar quruvchi tashkilot tomonidan etkazilib, yangi jihozlar taqsimot asosida ajratildi. Lekin qurilish tashkiloti tomonidan smeta-loyihasi bo`yicha shifoxonaga tibbiy asbob-uskunalar uchun mablag` ajratilmagan.
Quruvchi tashkilot - “Bino inshoot industriya“ MChJ barcha ko`rsatilgan kamchiliklarni yil davomida bartaraf etishi to`g`risida kafolat xati ham mavjud.

Ayni paytda shifoxonaning bolalar, jarrohlik, yuqumli kasalliklar, ma`muriyat, klinika tahlilxonasi, markaziy sterilizasiya va kir yuvish xonalari bo`limlarga ko`chib o`tdi va unda aholiga tibbiy xizmat ko`rsatilayapti. Lekin tug`ruq va jonlantirish bo`limlari ko`chirilmadi, negaki, montaj ishlarida muayyan kamchiliklar mavjud. Ushbu ishlar nihoyasiga etkazilgach hamda Angren shahar SEOM xulosasini berganidan so`ng ushbu bo`limlarga ko`chib o`tiladi va aholiga to`liq tibbiy xizmat ko`rsatish imkoniyati yaratiladi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolavha aynan hali bugungi kunda foydalanilmayotgan jonlantirish bo`limida tasvirga olingan. Boshqa xonalarda barcha qulayliklar mavjud. Xodimlar uchun ham, bemorlar uchun ham sharoitlar mavjud.

P.S: "Krasnogorsk" shifoxonasi chinakamiga zamonaviy tus olibdi. Ushbu maskanda o`zgacha fayz kishini beixtiyor o`ziga tortadi. Videomurojaatdagi izohga ko`pchilik tibbiyot xodimlari e`tiroz bildirishdi.
Bundan uch-to`rt yil ilgari shifoxonaning vayrona holati bilan hozirgi kundagi yaratilgan qulayliklar to`g`risida to`lqinlanib gapirdilar. Davolanayotgan bemorlar esa qurib bitkazilgan shifoxonaning zamonaviy qiyofasi va undagi sharoitlardan mamnun ekanliklarini ma`lum qildilar va shunday imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbari va Angren shahar hokimligiga minnatdorchilik bildirishdi.






