AsosiyJamiyat

Nobel mukofoti sohibi O`zbekistonda dars bermoqda

'Nobel mukofoti sohibi O`zbekistonda dars bermoqda'ning rasmi

Turkiyalik taniqli olim, Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti talabalariga “Odam genomi, DNK reparasiyasi xaritasi” mavzusida onlayn ma`ruza o`qiy boshladi. Bu haqda UzA ma`lum qildi.

Aziz Sanjar ayni paytda AQShning Shimoliy Karolina universiteti professori. U 2015 yilda DNKni tiklash mexanizmlarini tadqiq etgani uchun kimyo yo`nalishida Nobel mukofoti sovrindori bo`lgan.  

2018 yil Samarqand davlat universitetiga tashrifi chog`ida unga faxriy professor unvoni berilgan edi. O`shanda Aziz Sanjar ushbu kashfiyoti uchun 45 yil vaqt ketganini aytib, SamDU talabalariga dars berishga tayyor ekanini ta`kidlagandi. Ushbu tashabbusning ijobati sifatida taniqli olim Navro`z arafasida SamDU talabalariga ilk onlayn ma`ruzasini o`qidi.  

Dunyoga mashhur kimyogar olim, saraton xastaligini davolash bo`yicha juda katta ilmiy kashfiyot qilgan Aziz Sanjarning ma`ruzasini o`qituvchilar, ilmiy xodimlar, talabalar katta qiziqish bilan tingladi.

– Nobel mukofoti laureatidan saboq olish biz talabalar uchun baxt. Ma`ruza davomida DNK molekulalariga oid yangi ma`lumotlarga ega bo`ldik. Albatta bu ma`ruza ilmga bo`lgan qiziqishimizni yanada oshirdi, – deydi SamDU kimyo fakulteti talabasi Bekzod Nazarov.  

– Bugungi kunda dunyoning ko`plab nufuzli universitetlari olimlari SamDUda dars berish taklifini mamnuniyat bilan qabul qilmoqda. Bu bejiz emas. Universitetimiz nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahonga taniqli oliy ta`lim muassasasi sifatida e`tirof etilmoqda, – deydi SamDU kimyo fakulteti dekani, texnika fanlari nomzodi Noryigit Musulmonov. 

– Talabalarimiz chet tilini bilishiga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Aziz Sanjarning onlayn ma`ruzalari o`quv yili oxirigacha davom etadi.

    Boshqa yangiliklar