Bugun, 23 mart kuni, O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Toshkent er usti metrosining ikkinchi bosqichini foydalanishga topshirish borasida belgilangan ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston temir yo`llari AJning Axborot-tahliliy media markazi ma`lum qildi.
Unda “O`zbekiston temir yo`llari” AJning mutasaddi rahbarlari hamda temir yo`l tizimi tasarrufidagi Toshkent er usti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichini amalga oshirishda faoliyat olib borayotgan “Ko`prikqurilish tresti” UK mutaxassislari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi “Toshkent shahrida er usti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent shahrida er usti halqa metropoliteni liniyasining 2-bosqichini qurish ishlari rejali va jadal sura`tlarda davom ettirilmoqda.
Anjumanda “O`zbekiston temir yo`llari” AJning Kapital qurilish direksiyasi boshlig`ining o`rinbosari Azizbek Abdiev ta`kidlaganidek, Toshkent halqa er usti metro yo`lining 2-bosqichi Qo`yliq bozoridan Toshkent shahrining Mirobod hamda Sergeli tumanidan o`tgan Katta halqa yo`li, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod ko`chasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq ko`chasidan o`tib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi hamda Yangi hayot tumaniga etkaziladi. 15 kilometrlik umumiy uzunlikka ega ushbu uchastkada 9 ta bekat qurish rejalashtirilgan. Mazkur hududdan o`tayotgan yangi metro uchastkasi foydalanishga topshirilgach, faqatgina ushbu yo`nalishda kuniga 46 ming yo`lovchi tashilishi rejalashtirilgan. 700ga yaqin yangi ish o`rni ham yaratiladi. Loyihaning hozirgi bosqichdagi qurilish ishlariga 150dan ortiq maxsus texnika, mashina va mexanizmlar hamda 3 ming 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodimlar jalb qilingan.
Jurnalistlar tomonidan qurilish jarayonida bajarilayotgan ishlar sifati bo`yicha berilgan savolga mutasaddi mutaxassislar, Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi hamda “O`zdavtemiryo`lnazorat” inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan muntazam nazorat olib borilishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, barcha qurilish ishlari belgilangan tarmoq jadvali asosida amalga oshirilib kelinayotganini ham ta`kidlandi.
Uchrashuvda ishtirok etgan mutaxassislar shuningdek, rejaga ko`ra Toshkent halqa er usti metropoliteni liniyasi mavjud O`zbekiston, Sergeli, Chilonzor hamda Yunusobod yo`nalishlariga to`g`ridan-to`g`ri ulananishini va boshqa Toshkent shahridagi qurilayotgan er usti metropolitenining qurilishiga oid istiqbolli rejalar haqida to`xtalib o`tdilar.
Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan bu va boshqa qator savollarga atroflicha javob berildi.






