2021 yil 14 mart kuni M.G ismli ayol IIBga murojaat qilib, unda 14 mart kuni noma`lum shaxs U.Nosir ko`chasida joylashgan savdo do`koniga xarid uchun kirib, umumiy narxi 110.000 so`mlik spirtli ichimlik va boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib, qalbaki usulda tayyorlangan 100 AQSh dollarini berib, 935.000 so`mni qaytim sifatida olib hodisa joyidan yashiringanligini ma`lum qilgan. Bu haqda "darakchi.uz"ga Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
O`tkazilgan sudga oid texnik-kriminalistik ekspertizaning xulosasiga ko`ra, 1 dona 100 AQSh dollari qiymatidagi kupyuralar qalbaki usulda rangli printer yordamida yordamida tayyorlanganligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo`qon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog`ozlar yasash, ularni o`tkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida 1 dona 100 AQSh dollari kupyuradagi pul Yu.M. tomonidan tayyorlanganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Farg`ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yuqoridagi ko`rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkinligi haqida eslatib o`tadi.






