AsosiyJamiyat

Yoshlarga hunar o`rgatayotgan kulollarga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi

'Yoshlarga hunar o`rgatayotgan kulollarga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi'ning rasmi

“Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5033-son, 23.03.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. 

Qarorga ko`ra, 2021–2023 yillarda kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish bo`yicha istiqbolli reja ko`rsatkichlar tasdiqlandi.  

Shunga ko`ra, joriy yilda 5 400 dona mahsulot ishlab chiqarish nazarda tutilgan.

Qarorga ko`ra, yangidan tashkil etiladigan kulolchilik markazlaridagi turar va noturar joylar uchun mol-mulk va er solig`i stavkalari ularga nisbatan mulk huquqi kulollarga berilgan oydan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida o`rnatiladi.  

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hunarmandchilik uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida 500,0 milliard so`m miqdorida kredit ajratiladi.  

2021 yil 1 aprelgacha usta-shogird an`analari asosida yoshlarga hunar o`rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta`minlashi uchun subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.  

 Har yili “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurayotgan 100 ming nafar xotin-qizlarga reja bo`yicha kulolchilik mahsulotlari to`plamini sovg`a qilish tizimi yo`lga qo`yiladi.  

Xalqaro aeroportlar “Duty free” hududlarida va temir yo`l vokzallarida kulolchilik va boshqa turdagi hunarmandchilik mahsulotlari savdosi uchun maxsus joylar ajratiladi.  

Vazirlik, idoralar, tijorat banklari hamda davlat korxonalari 2022 yil 1 sentyabrgacha kulollar bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzish orqali kulolchilik mahsulotlarini xarid qilishi mumkin.  

Qarorga ko`ra, Farg`ona viloyati Rishton tumanida kulollar uchun qurilgan xonadonlarni sotib olish maqsadida kulollarga:

- “O`zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan xonadonlar qiymatining 50 foizi miqdorida boshlang`ich badalsiz, faqat mazkur xonadonlar garovi ostida 20 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan, Markaziy bankning asosiy stavkasida ipoteka kreditlari ajratiladi;

- xonadonlar qiymatining 50 foiz miqdori “O`zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan qoplab beriladi. 

    Boshqa yangiliklar