AsosiyJamiyat

Fuqaroligi bo`lmagan shaxslar sonini kamaytirish masalasi muhokama qilinadi

'Fuqaroligi bo`lmagan shaxslar sonini kamaytirish masalasi muhokama qilinadi'ning rasmi

26 mart kuni O`zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo`lmagan shaxslar sonini kamaytirishva unga barham berish masalalariga bag`ishlangan mintaqaviy davra suhbati bo`lib o`tadi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqa. 

Onlayn-muhokama O`zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari va Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish doirasida tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirni o`tkazish zamirida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu  Guterrishning fuqaroligi bo`lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig`ini qo`llab-quvvatlash maqsadi ham o`z mujassamini topgan.

Davra suhbatida O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmanistonning fuqaroligi bo`lmagan shaxslarmasalalari bilan shug`ullanadigan davlat organlari, jumladan, tashqi ishlar, ichki ishlar, adliya vazirliklari, migrasiya va registrasiya ishlari bo`yicha davlat xizmatlari, statistika qo`mitalari, shuningdek inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar va mintaqaning tegishli fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad fuqaroligi bo`lmagan shaxslar sonini kamaytirish va unga barham berish sohasidagi xalqaro standartlarni tahlil etishdan iborat. Shu bilan birga, "#IBelong" global kampaniyasi misolida Markaziy Osiyoda fuqarosizlik muammosiga barham berish borasida erishilgan yalpi ilg`or natijalarni baholash, Yuqori darajadagi segmentning fuqarosizlik masalalari bo`yicha faoliyati samaralarini tahlil qilish va mintaqa mamlakatlari bu borada zimmalariga olgan majburiyatlarning bajarilishi holatini ko`rib chiqish ko`zda tutilmoqda.

Davra suhbati doirasida ayni sohada mavjud ilg`or tajriba va muhim natijalarni o`zaro almashish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, fuqarosizlik muammosiga barham berish borasida mavjud bo`shliqlar, shu munosabat bilan qonunchilikka kiritiladigan zarur o`zgartirishlar, bugungi kun talabiga javob bermaydigan joriy amaliyot tizimini qayta ko`rib chiqish mo`ljallangan.  

    Boshqa yangiliklar