Prezident qarori (PQ–5035-son, 23.03.2021 y.) bilan O`zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o`tash tartibi to`g`risidagi nizomga o`zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Unga ko`ra, kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchini komandirning (boshliqning) ixtiyoriga o`tkazish hamda tegishli to`lovlarni to`lash holatlari va muddatlari belgilandi.
Jumladan, harbiy xizmatchiga tashkiliy-shtat tadbirlari o`tkazilishi yoki boshqa lavozimga tayinlanganligi munosabati bilan lavozimdan bo`shatilganda – 2 oydan ko`p bo`lmagan muddatda quyidagi to`lovlar amalga oshiriladi:
● harbiy unvon maoshi, oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi bo`yicha lavozim maoshi, xizmat yillari uchun ustama;
● maxsus moddiy rag`batlantirish jamg`armasi hisobidan ustama (15 foizgacha);
● bir yo`la to`lanadigan pul ta`minoti, qonunchilikda belgilangan tartibda oziq-ovqat payogi uchun kompensasiya puli va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensasiyasi.
Shuningdek, harbiy xizmatchi 6 oydan ko`proq muddatga tayyorgarlik, qayta tayyorgarlik va malaka oshirish kurslariga, shu jumladan O`zbekiston hududidan tashqariga o`qishga yuborilganda mazkur to`lovlar o`qishning butun muddati davomida saqlanib qolinadi.






