AsosiyJamiyat

Neft bazalarida intizomiy jazo qo`llangan xodimlarga mukofot puli, mehnat shartnomasi bekor qilinganlarga oylik maosh to`lab kelingani fosh etildi — “O`zbekneftgaz”

'Neft bazalarida intizomiy jazo qo`llangan xodimlarga mukofot puli, mehnat shartnomasi bekor qilinganlarga oylik maosh to`lab kelingani fosh etildi — “O`zbekneftgaz”'ning rasmi

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga ko`ra, moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo`l qo`yilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Navbatdagi o`rganishlar “Buxoro neft bazasi” hamda “Jizzax neft bazasi” mas`uliyati cheklangan jamiyatlarida o`tkazilib, natijada, neft mahsulotlarining saqlanishi, iste`molchilarga etkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko`plab noo`rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Jamiyat Axborot xizmati xabar berdi. 

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to`lov oldindan 100 foiz o`tkazilganda etkazib berilishi belgilangan bo`lsa-da, amalda belgilangan me`yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Buxoro neft bazasi” MChJda 33 mlrd 463 mln 200 ming so`m, “Jizzax neft bazasi” MChJda 35 mlrd 42 mln 700 ming so`m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Shundan umumiy hisobda 45 mlrd 293 mln so`mi 2021 yil 1 yanvar holatiga muddati o`tgan qarz sanaladi.

Bundan tashqari, o`z vaqtida undiruv choralari ko`rilmagani natijasida, “Buxoro neft bazasi” MChJ bo`yicha 2009–2013 yillarga oid 1 mlrd 783 mln 300 ming so`m, “Jizzax neft bazasi” MChJ bo`yicha 2006–2020 yillarga oid 14 mlrd 133 mln 500 ming so`m mablag` “umidsiz qarz”ga aylangan.

Eng achinarlisi, yoqilg`i etkazib berilgan Buxorodagi 32 ta, Jizzaxdagi 239 ta sobiq xo`jaliklar faoliyati bugungi kunda tugatilgan va qarzdorliklarni undirish masalasi yana bir qator muammolarni tug`dirishi tabiiy.

O`rganish davomida, “Buxoro neft bazasi” MChJga qarashli 67 ta FYoTShlarda 3 181,6 ming litr, “Jizzax neft bazasi” MChJ tasarrufidagi FYoTSh va PAZSlarda 8 038,3 ming litr mahsulot kamomadi aniqlandi. Shundan bir qismi jarayonda qoplandi.

Mablag` iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. Birgina misol, “Jizzax neft bazasi” MChJ tomonidan 788 nafar xodimga 806 mln 915 ming 400 so`mlik kompensasiya to`lovlari noo`rin hisoblangani aniqlandi. Shuningdek, jamoa shartnomasiga zid tarzda intizomiy jazo qo`llangan 23 nafar xodimga 7 985,2 ming so`m mukofot puli to`lab berilgan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 26 nafar sobiq xodimlar nomiga 33 mln 857 ming so`m ish haqi yozilgan.

Kuzatish davomida, ushbu qonun buzilish holatlariga sabab bo`lgan asosiy bir jihat e`tiborimizni tortdi. Ya`ni tizimda sodir etilayotgan aksariyat iqtisodiy huquqbuzarliklarga rahbar xodimlarning loqaydligi, o`z ishiga mas`uliyatsiz yondashishi omil bo`lmoqda.

Bu esa, xalqimizning “Loqaydlik – jamiyat tomiriga tushgan qurt” naqlini yana bir bor tasdiqlaydi. O`rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o`rganish xujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

 

    Boshqa yangiliklar