O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tarkibidagi «Uzavtotrans servis» MChJda bo`lim boshlig`i lavozimida ishlovchi «T.A.» Rossiya Federasiyasi fuqarosi «A.V.»ga tegishli xalqaro yo`lovchi tashish bilan shug`ullanuvchi MChJ avtobuslarining Toshkent – Samara shaharlari o`rtasida charter qatnovlarini yo`lga qo`yish uchun mansabdor tanishlari orqali yordam berishni va`da qilib, xizmati evaziga 2020 yilning iyul oyida undan 5000 AQSh dollari oladi.
Ammo, va`dasining ustidan chiqa olmagach, mazkur shaxs pulning 2700 AQSh dollarini qaytarib, turli bahonalar bilan qolgan 2300 AQSh dollarini bermaydi.
Aldanganligini tushunib etgan jabrlanuvchi huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi.
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda «T.A.» muqaddam olgan pulining 300 AQSh dollarini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






