Avvalroq, Toshkent viloyatining "Amirsoy"ga olib boruvchi qismida yo`l cho`kish sodir bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Avtomobil yo`llari qo`mitasi Matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
"Joriy yilning mart oyida “Amirsoy” tog`-chang`i kurorti hududida ko`p miqdorda qor va yog`ingarchilik kuzatilib, namgarchilik me`yoridan ortishi sababli hududdagi grunt va tog` jinslarida geologik siljish sodir bo`lgan.
Avtomobil yo`li va yo`lga yondoshgan qiyaliklar lyossimon tog` jinslaridan (suglinkalar, supeslar) va sun`iy to`ldirilgan tog` jinslaridan tashkil topgan, ostida neogen yotqiziqlari peschanik va alevrolitlar tarqalgan.
Ushbu geologik siljish oqibatida ko`chki yoriqlaridan tahminan hajmi 50 000 m3 gacha bo`lgan ko`chki faollashgan. O`zbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmatining ma`lumotlariga ko`ra ushbu hududda xavfli geologik jarayonlar faollashishining real xavfi tug`ilib, ko`chki yoriqlarida 6 mart kunidan boshlab olib borilgan kuzatish natijalari va o`rnatilgan topogeodezik reperlar ko`rsatkichiga ko`ra sutkasiga 10-20 sm gacha surilish, 1,0 m gacha cho`kishlar davom etmoqda.
Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, “Amirsoy” hududiga olib boruvchi avtomobil yo`lining 15-16 piket, 19-20 piket va 33-34 piket oraliq qismlarida vaqtinchalik yo`lovchi va avtotransport vositalari harakati cheklandi.
Mazkur holat hozirda turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri talqin etilayotganligi kuzatilmoqda. Shu o`rinda bir jihatni alohida ta`kidlab o`tmoqchimiz tog` va tog` oldi hududlarida bu kabi jarayonlar muntazam ravishda sodir bo`lib turadi. Tog` jinslarining siljishi, kuchli sel kelishi, gruntning o`ta darajada me`yoridan ortiq namlanishi ta`sirida grunt ko`chkisi va boshqa tabiiy ofat oqibatlari natijasida yo`llarning vaqtincha bir necha kunlab yopilib qolish holatlari kuzatiladi. Bu kabi tabiiy ofatlar o`z ko`lamiga qarab avtomobil yo`llari holatiga va yo`l bo`yi infratuzilmalariga ham turli ko`rinishda ta`sir o`tkazadi. O`z vaqtida ko`rilgan chora tadbirlar natijasida esa yo`llardagi harakat muntazamligi ta`minlab kelinmoqda.
Hozirda “Amirsoy” tog`-chang`i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo`li hududida sodir bo`lgan tabiiy hodisa O`zbekiston Respublikasi xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Avtomobil yo`llari qo`mitasi vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari bilan birgalikda joyida o`rganilmoqda.
O`rganishlar natijalari bo`yicha kiritilgan tegishli xulosa va tavsiyalar asosida sodir bo`lgan tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etiladi va qisqa muddatlarda avtomobil yo`lida tiklash ishlari amalga oshirilib, avtotransport vositalari harakati qayta tiklanadi",–deyiladi qo`mita axborotida.