Davlat aholining huquqiy ongini oshirishga harakat qilar ekan, o`zi ham shu talablarga qarab o`zgarishi, o`z faoliyatini yaxshilashi hamda jamiyatning talabi oshishiga va bu talabni qondirishga tayyor turishi kerak. Bunda, albatta, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini oshirish birinchi o`rinda turadi.
O`tgan davrda qabul qilingan qonun hujjatlari, ular yuzasidan tushuntirish materiallarini aholi va ijrochilarga etkazishda amalga oshirilgan keng ko`lamli ishlarga qaramay, bugungi kunda davlat xizmatchilari orasida, shu jumladan hokimlar faoliyatida huquqni mensimaslik holatlari mavjud.
Jumladan, 2020 yilda ma`muriy sudlar tomonidan ma`muriy organlarning 5,7 mingta qarorlari haqiqiy emas deb topilgan bo`lsa,
3,4 mingta holatda mansabdor shaxslarning harakati noqonuniy deb topilgan. Shuningdek, qonunlar ijrosi ustidan nazorat davomida kiritilgan protestlar asosida ma`muriy organlarning 4,5 mingta qonunga zid hujjatlari bekor qilinib, 5,3 mingtasi qonunchilikka muvofiqlashtirilgan.
Davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini oshirish, ular o`z faoliyatini amalga oshirishida fuqarolarning huquq
va erkinliklarini samalari ta`minlashiga erishish maqsadida joriy yilning 13 martida Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablar asosida oshiriladi va test asosida baholanadi.
Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligiga qo`yiladigan minimal talablarda asosiy e`tibor davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari huquqiy savodxonligini oshirish uchun zarur bo`lgan qonunchilik normalarini bilish va qo`llay olish ko`nikmasiga ega bo`lishga qaratilgan.
Dastavval, Adliya vazirligi tomonidan o`quv mashg`ulotlarini o`tkazish uchun o`quv dasturi, materiallar va test savollari bazasi shakllantiriladi hamda davlat tashkilotlari xodimlarini o`qitish ishlari tashkil qilinadi.
O`qitish yakunlari bo`yicha baholash Davlat xizmatchilarini sinovdan o`tkazish moduli – maxsus test tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi tomonidan baholash natijalari asosida yuqori natija qayd etgan davlat tashkilotlarining ijobiy tajribalarini boshqa tashkilotlar faoliyatiga ham joriy etish va past ko`rsatkich sabablarini bartaraf etish bo`yicha uslubiy ko`rsatmalar beriladi.
Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilimini oshirish orqali davlat idoralari xodimlari tomonidan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi darajasi oshiriladi, shuningdek davlat tashkilotlarida qonun hujjatlari bo`yicha ijro intizomi mustahkamlanadi.
Adliya vazirligi mas`ul xodimi
A. Abdusherozov






