AsosiyJamiyat

Byurokratiyaga yana bir jiddiy zarba

'Byurokratiyaga yana bir jiddiy zarba'ning rasmi

Byurokratik to`siqlarni bartaraf etish masalasiga Adliya vazirligi o`z faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida e`tibor beradi. 

Vazirlik tomonidan olib borilgan tadqiqot, o`rganishlar, fuqarolar murojaatlarining tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish, davlat xizmatini olishda fuqarolarga yuqori darajada qulaylikni ta`minlash zarur. Buning uchun vazirlik xorijiy tajriba va tendensiyalarni e`tiborga olgan holda takomillashtiruvchi zamonaviy takliflarni muntazam ishlab chiqib kiritib bormoqda.

Byurokratiyaga qarshi kurashishda eng katta g`ov byurokratlar va byurokratik tartib-taomillarning o`zidir. 

Huquq ijodkorligi o`z mazmun mohiyatiga ko`ra ijobiy ma`nodagi byurokratik jarayon hisoblanadi. Biror bir g`oyani loyiha shaklida aloqador vazirlik va idoralarga kiritar ekansiz, uni himoya qilishingiz, ularni ishontirishingiz kerak bo`ladi. 

Endi tasavvur qiling, loyihangizda o`sha vazirlik va idoralarda mavjud bo`lgan aslida keraksiz, idoraviy manfaatga xizmat qiladigan, korrupsiyaviy xatari bor vakolatlar va  tartib-taomillardan bekor qilishni taklif etayapsiz. Ular buni qanday qabul qiladi? Bunday pallada qaror qabul qiluvchining pozisiyasi, irodasi o`ta muhim ahamiyatga ega. 

Byurokratiyaga qarshi kurashish, ularni qisqartirish nima uchun zarur? Javobi kundek ravshan bo`lsa-da, aniqroq tasavvur qilish uchun ayrim ma`lumotlarga to`xtalsak.

Jahon bankining tadqiqotiga ko`ra, hozirda O`zbekistonda yirik korxonalar rahbarlari vaqtining 31 foizi, kichik korxonalar rahbarlari vaqtining 26 foizi byurokratik masalalarni hal qilish, davlat organlari hamda hokimliklar bilan munosabatlarga kirishish uchun sarflanayotgani qayd etilgan. Vaholanki, ushbu vaqt samaraliroq tarzda, masalan, ishlab chiqarish hajmini ko`paytirishga, ish samaradorligini oshirishga va korxonalar tushumlarini oshirish masalalariga sarflanishi mumkin edi.

Ekspertlarning fikriga ko`ra, dunyo bo`yicha byurokratik qoidalarga rioya etishga sarflanadigan xarajatlar jahon YaIMning 17-20 foizini tashkil etadi. Xususan, AQShda YaIMning 17 foizini, ya`ni 3 trln. dollarni tashkil etadi.

Davlat rahbarining kuni kecha qabul qilgan “Aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to`siqlarni qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni bu sohadagi tizimli izchil siyosatning ifodasi bo`ldi. 

Farmon ma`muriy tartib-taomillarda aholi, tadbirkorlik sub`ektlarining manfaatlariga ko`proq xizmat qiladigan muhim qoidalarni qamrab olgan. Farmon o`z mazmuni mohiyatiga ko`ra byurokratiyaga qarshi kurashning sifat jihatdan ikkinchi bosqichining huquqiy asosini yaratdi deyishimiz mumkin.

Bu yo`nalishda birinchi bosqich 2019 yil dekabrda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to`siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida” qarori bo`ldi. 

Ushbu qarorning ijrosi tahlil qilingach, davlat bilan fuqarolar va biznes o`rtasidagi ahmiyatni yo`qotgan tartib-taomillarni yanada soddalashtirish ehtiyoji mavjudligi anlashdi. Shu nuqtai-nazaridan kelib chiqib qayd etilgan Farmon loyihasi ishlab chiqildi va kiritildi. 

Farmon bilan ushbu holatlarga barham berish, davlat xizmatlari ko`rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator prinsipal yangiliklar, qoidalar joriy etilmoqda. 

Xususan 130 dan ortiq ma`muriy tartib-taomillar engillashtirilmoqda, 460 dan oshiq qonun hujjatlarida ko`rsatilgan 18 turdagi hujjatlarni va  ma`lumotlarni davlat organlari tomonidan fuqarolardan talab qilinishi bekor qilinmoqda. Endilikda davlat organlari bu hujjatlarni vakolatli davlat tashkilotidan (10 ta tashkilot) “Elektron hukumat” platformasi orqali olishi zarur.

Natijada yiliga o`rtacha 1,5 mlndan ortiq fuqaroni ovora bo`lishining oldi olinadi va ularning 22 mlrd so`mdan ortiq mablag`i tejaladi hamda ushbu mablag`lar fuqarolarning o`zida qolishiga erishilishi prognoz qilinmoqda. 

Birgina narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi bo`yicha ma`lumotnoma olishda 276 mingdan ortiq fuqaroni ovora bo`lishini oldini olinadi va ularning 4 mlrd so`mdan ortiq mablag`i tejaladi yoki fuqarolarning ruhiy kasalligi haqida ma`lumotnoma olishda 300 mingga yaqin fuqaroni ovora bo`lishini oldini olinadi va ularning 4,5 mlrd so`m mablag`i tejalishi kutilmoqda. 

Fuqarolardan davlat tashkilotlari talab qilishi mumkin bo`lmagan hujjatlar ro`yxatida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari kabilar ham bor. Bularning bekor bo`layotganining ahamiyatini qisqa izoh bilan tushuntirish mushkul. 

70-80 yillik, ba`zilariniki undan ham ko`p yillik “staj”g ega bu hujjatlarni talab qilish to`xtaydi – ovoragarchiliklardan iborat katta bir tarixga yakun yasalmoqda. Davlat va fuqaro munosabatlarida aslida bu radikal, inqilobiy qadam. 

Biz yaqin o`tmishda davlat xizmatlari sohasini tub isloh qilishda “fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan prinsipni e`lon qilib, amalda ijrosini ta`minlashga harakat qilayotgan edik. Endilikda yangi prinsip loyihasi “fuqarolar emas, davlat organlari harakatlanadi” ustida ishlashimiz, fuqarolarga imkon qadar virtual davlat xizmatlari ko`rsatish bo`yicha bosh qotirmoqdamiz. Zero bu pandemiyaning davlat xizmatlariga qo`ygan chaqiriqlaridan biri bu.

Shuningdek, 28 turdagi davlat xizmatlari natijasini fuqarolar va tadbirkorlarning o`zlarining xohishiga ko`ra, pochta aloqasi orqali olishlari mumkin. Pochta aloqasi xizmatining joriy etilishi aholi xarajatlarini kamida 2 baravarga qisqartirishga, aholining davlat organlariga bir-necha marotaba ovora bo`lib kelib ketishining oldini olishga xizmat qiladi. 

Farmonga ko`ra 2021 yil 1 maydan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin bo`ladi.

Fuqarolarni ma`lum ma`noda ovoragarchilikka olib kelayotgan masalalardan biri bu ularni jamg`arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo`yish bo`lgan bo`lsa, joriy yil 1 iyundan boshlab 16 yoshga to`lgan shaxslarga ID-karta berishda ular bir vaqtning o`zida soliq organlarida soliq to`lovchi sifatida hisobga qo`yiladi va jamg`arib boriladigan pensiya tizimida ro`yxatdan o`tkaziladi. Aniq raqamlarga to`xtaladigan bo`lsak 2020 yilda davlat xizmatlari markazlariga 338,7 ming nafar fuqaro jamg`arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga qo`yish bo`yicha murojaat qilgan.

Farmon bilan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni ko`rsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanishi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikasiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanishi belgilandi. Mazkur tartibni amalga oshirilishi, nafaqat korrupsiya va byurokratiyaga qarshi muhim ahamiyatga ega, balki statistikani aniq bo`lishi, ijtimoiy siyosatning manzilligini ta`minlashda ham ijobiy ta`sir qiladi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning asosiy ishtirokchilaridan biri bu yuridik shaxslar hisoblandi. Ularning tashkil etilishi, ro`yxatdan, qayta ro`yxatdan o`tkazilishi huquqiy munosabatlarda muhim mazmunga ega. Bu jarayon qanchalik puxta tartibga solinsa, turli nizolarning oldini olishga ham xizmat qiladi. Mazkur jarayonni tartibga solishda yagona yondashuvlarni, “uyin qoidalari”ni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish zarur. Farmon bilan Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro`yxatidan o`tkazish bo`yicha yagona vakolatli organ etib belgilanligi, ushbu bo`shliqni to`ldiradi. 

So`zimiz so`ngida fuqarolardan bir iltimosimiz bor. 

Hurmatli fuqarolar, Adliya vazirligi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, ma`muriy tartib-taomillarni maqbullashtirish yo`nalishida keng qamrovli, chuqur izlanish va o`rganishlarda davom etadi. Sizdan bu borada taklif-mulohazalar bo`lsa av11@adliya.uz manziliga taqdim etishingizni so`raymiz.

X.Meliev, Adliya vazirligi mas`ul xodimi 

    Boshqa yangiliklar