AsosiyJamiyat

O`zbekistonda poliomielit kuzatuvi kuchaytirildi

'O`zbekistonda poliomielit kuzatuvi kuchaytirildi'ning rasmi

Poliomielit – o`tkir shol kasalligi bo`lib uni mayda, hatto oddiy mikroskopda ham ko`rib bo`lmaydigan viruslar chaqiradi. Kasallik asab tizimi, ayniqsa orqa miyani shikastlaydi va jiddiy asoratlarni, hatto umrbod falajlik yoki bolalik yoshidayoq o`lim holatini olib kelishi mumkin. 

Shu o`rinda poliomielitni yuqtirib olish osonligini ta`kidlab o`tish joiz. Muloqotda bo`lish yoki havodagi tomchilar yo`li bilan o`tadigan virusni tashib yuruvchiga tegishning o`zi kifoya. Organizm ichiga tushgan virus markaziy asab tizimini shikastlaydi, buning natijasida falaj yoki shol rivojlanishi mumkin. Kasallik kechishining bundan og`irroq ko`rinishlarida nafas tizimining shikastlanish hollari ham mumkin, bu muqarrar o`limga olib keladi. Poliomielit bilan asosan 10 yoshgacha bo`lgan bolalar kasallanadilar. Kasallikning yashirin davri o`rtacha 5-12 kun bo`lib, ba`zida 35 kungacha davom etishi mumkin.  

O`zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlagi xizmati tomonidan respublikada poliomielit kasalligining oldini olish va tarqalishiga qarshi profilaktik va epidemiyaga qarshi choralar JSST tavsiyalariga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.  

Respublikamizda poliomielit kasalligi uchramaydi, lekin chet davlatlardan kirib kelgan shaxslar mahalliy aholiga yuqtirishi mumkin. Bugungi kunda Tojikiston Respublikasi va Afg`oniston Islom Respublikasida poliomielit kasalligi aniqlanmoqda. Ushbu davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar yaxshi yo`lga qo`yilgan bo`lib, fuqarolarning kirib-chiqishi uchun sharoitlar yaratilgan.  

O`tkir paralitik falajni nazorat qilish bo`yicha epidemiologik vaziyatni o`rganish uchun Surxondaryo viloyatiga mutaxassislar safari uyushtirildi. Shu bilan birga O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining sanitariya nazorati punktlarida (SNP) va davolash-profilaktika muassasalarida o`tkir shol falajining faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirishni tashkil etish va 5 yoshgacha bo`lgan bolalarni emlashga tayyorlash bo`yicha amaliy va maslahat yordami ko`rsatildi.  

Surxondaryo viloyati hududida yovvoyi poliovirusning 2-turini oldini olish va tarqalishini oldini olish maqsadida 10-20 mart kunlari 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`rtasida ommaviy emlash o`tkazildi.

Respublikamiz hududiga chetdan yovvoyi poliovirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmalari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlagi xizmatining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari  rahbarlari xabardor qilinib, poliomielit va o`tkir shol falajining faol epidemiologik kuzatuvini kuchaytirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Eslatib o`tamiz, Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti Tojikistonda poliomielit epidemiyasi tarqalganini e`lon qilgani haqida xabar bergan edik.

    Boshqa yangiliklar