Pandemiya davrida dunyoda iqtisodiyotni rag`batlantirish choralari misli ko`rilmagan darajaga etdi. Xususan, ushbu maqsadga 16 trillion AQSh dollari ajratildi, shundan faqat beshdan biri rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to`g`ri kelmoqda, deb xabar deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
BMT Yangiliklar markazining ma`lumotiga ko`ra, 60 dan ortiq tashkilot va agentlik xalqaro hamjamiyatni pandemiya bilan bog`liq tanazzul sharoitida yuzaga kelgan tengsizlikni bartaraf etish choralarini ko`rishga chaqirmoqda.
COVID-19ga qarshi emlash sohasida ham tengsizlik kuzatilmoqda. Masalan, joriy yil yanvar oyiga qadar 38 davlatda emlash boshlangan bo`lsa, ulardan faqat 9 tasi rivojlanayotgan mamlakatlardir.
Rivojlanishni moliyalashtirish bo`yicha yangi hisobot mualliflari pandemiya ta`siridan, ayniqsa, kambag`al mamlakatlarning millionlab aholisi aziyat chekayotganiga e`tibor qaratgan. So`nggi yillarda ularning yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan barcha sa`y-harakatlar va bu borada erishilgan yutuqlar zoe ketmoqda: 114 million kishi ish o`rnini yo`qotgan, qo`shimcha 120 million kishi kambag`allik yoqasiga kelib qolgan.
Yangi texnologiyalar va barqaror infratuzilmalarga sarmoya kiritish xatarlarni kamaytirish va dunyoni kelajakdagi zarbalardan asrab qolishga yordam beradi. Bunday siyosat iqtisodiy o`sish, yaxshi hayotni ta`minlash va iqlim o`zgarishiga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishishga asos bo`ladi, deb ta`kidlamoqda ma`ruza mualliflari. Masalan, ekspertlar kelajakda pandemiya xavfini sezilarli darajada kamaytirish uchun keyingi ikki yilda 70-120 milliard dollar, undan keyingi yillarda esa 20-40 milliard dollardan sarflash zarur, deb hisoblamoqda.
Xususan, ma`ruza mualliflari rivojlanayotgan mamlakatlarga past foizli zayomlar taqdim qilish, taraqqiyot banklari imkoniyatlaridan kengroq foydalanish va boshqa chora-tadbirlarni ko`rishni tavsiya etmoqda. Bundan tashqari, mutaxassislar raqamli iqtisodiyot sharoitida soliq to`lashdan bo`yin tovlashning oldini olish, atrof-muhitga zararli ta`sir ko`rsatadigan masalalarda kompaniyalarning javobgarligini orttirish, mehnat bozori va moliyaviy siyosatni modernizasiya qilish bo`yicha echimlar topishni taklif qilmoqda.






