AsosiyJamiyat

Toshkentda 9,2 mlrd. so`mlik qalbaki dorilarni qadoqlab sotishga uringan shaxslar qo`lga olindi

'Toshkentda 9,2 mlrd. so`mlik qalbaki dorilarni qadoqlab sotishga uringan shaxslar qo`lga olindi'ning rasmi

Davlat bojxona qo`mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda mo`may daromad ketidan quvib yurtdoshlarimiz sog`ligiga ziyon etkazishi mumkin bo`lgan shaxslarning qing`ir qilmishlariga chek qo`yishdi. Bu haqda qo`mita Axborot xizmati xabar berdi. 

O`tkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida sifati kafolatlanmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan dori vositalari va biologik faol qo`shimchalarning noqonuniy realizasiyasi bilan shug`ullanib kelayotgan uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh qilindi.

Jumladan, mazkur tumandagi xonadonlardan biri belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganida, bu er xonadon emas, aksincha o`ziga xos yashirin savdo plaftormasi ekanligi ma`lum bo`ldi.

Bu erda tezkor aloqa liniyasi – “Sall Centre” tashkil qilingan bo`lib, 150 nafarga yaqin aloqa operatorlari sifati kafotlanmagan dori vositalari va biologik faol qo`shimchalarni mijozlarga o`tkazish bilan shug`ullanib kelishgan.

Tezkor tadbir davomida xonadonda ya`ni dorixonadan tashqari hududda kelgusida sotish uchun mo`ljallab qo`yilgan 96 622 dona dori vositalari va tibbiy buyumlar, 72 902 quti biologik faol qo`shimchalar qonunga xilof ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Mazkur dori va qo`shimchalar jinsiy quvvatni oshiruvchi, ozdiruvchi, semirtiruvchi, gijjalarga qarshi, yurak faoliyatini yaxshilovchi va boshqa maqsadlar uchun ko`zlangan.

Ayanchlisi shundaki, xonadondagi qadoqlovchi uskunalar, yarim tayyor mahsulotlar va bo`sh qutilarni ko`rib xulosa qilsa bo`ladiki, mazkur dori va biologik faol qo`shimchalar shu erning o`zida bo`sh qutilarga qadoqlangan, qutilar uchun yorliqlar, qo`llash uchun yo`riqnomalar ham shu erdagi rangli printerda chop qilingan.

Bundan tashqari kelib chiqishi noma`lum bo`lgan, tabletka, kukun va boshqa turli shakllardagi moddalardan qo`lbola usulda qadoqlangan dori va biologik faol qo`shimchalarning noqonuniy realizasiyasida faol ishtirok etgan shaxslar ham turli darajada rag`batlantirib kelingan.

Shu maqsadda xonadonda sovg`a uchun mo`ljallangan – 5521 dona tovarlar – parfyumeriya vositalari, oshxona anjomlari, telefon aksessuarlari va boshqalar saqlanayotganligi aniqlandi.

Bundan tashqari “Sall Centre”  faoliyatida foydalanib kelingan 202 ta monitor, 196 ta prosessor, 10 ta noutbuk, 1 dona rangli printer, tovarlarga tegishli yuk xatlari, noqonuniy savdo qayd qilib borilgan hisob daftarlari ham ashyoviy dalil sifatida olib qo`yildi.

Shunday qilib o`tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir natijasida dastlabki qiymati 9 mlrd. 179 mln. so`mlik dori vositalari, biologik faol qo`shimchalar va boshqa tovar-moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar