Bugun O`zbekistonga 1mln doza ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaksinalari keltiriladi, deya xabar qildi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev o`zining Telegramdagi sahifasida.
Xitoy-O`zbek olimlari hammualifligida yaratilib, shu oy boshida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaksinasidan 1mln doza bugun Toshkentga olib kelinadi. Bu O`rta Osiyo davlatlari ichida birinchi bo`lib bunday katta partiyada vaksina sotib olinishi hisoblanadi.
Bundan avval mamlakatga COVAX tomonidan 660 ming doza Astra-Zeneca vaksinalari taqdim etilgandi. Bu esa 1-apreldan boshlanishi kutilayotgan ommaviy emlashda kamida 1 mln 660ming aholini 1-doza bilan emlash imkoniyatini beradi.
Mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni yana ortib borayotgan bir paytda vaksina bilan emlash ishlarini jadallashtirish talab etiladi. Shu bois, Hukumat tomonidan barcha resurslar, imkoniyatlar mamlakat aholisi uchun etarli vaksinalar olib kelinishini ta`minlash hamda aholini katta qismini emlash ishlarini qisqa fursatlarda amalga oshirishga qaratilishi kerak.






