AsosiyJamiyat

O`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar hokimlarning qaroriga asosan buzib tashlanishi mumkin emas — Kusherbaev

'O`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar hokimlarning qaroriga asosan buzib tashlanishi mumkin emas  — Kusherbaev'ning rasmi

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev Telegramdagi shaxsiy sahifasida fuqarolar va hokimlarga murojaat yo`lladi:

Fuqarolar va hokimlarga eslatma!

(Qibray tumaniga alohida!)  

Fuqarolar tomonidan o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar hokimlarning qaroriga asosan buzib tashlanishi mumkin emas.  

Buzib tashlash haqida faqat va faqat sud qarori mavjud bo`lganda yo`l qo`yiladi.  

Bu Shaharsozlik va Fuqarolik kodekslarida belgilab qo`yilgan. Xususan, Shaharsozlik kodeksining 22-moddasiga binoan tuman (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlari o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to`g`risida sudga da`vo arizasi bilan murojaat qiladi.  

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 212-moddasida "O`zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da`vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim", deb belgilangan.  

Kodeks bu qonun. Qonun qaror va topshiriqlardan ustun kuchga ega.  

Bundan ko`rinib turibdiki, hokimiyat  o`zboshimcha, deb hisoblayotgan imoratni buzdirish haqida sudga da`vo arizasi kiritadi xolos.  

Qibray tumani hokimiga o`xshab harakat qilmaydi.  

Shuningdek, huquqini talab qilgan fuqarolarni  "provakator"ga chiqarish mumkinmas. Bu mansabdor shaxsdagi bilimsizlik va o`z ishiga nomunosiblik belgisi.  

Sudning imoratni o`zboshimcha, deb topib, buzdirish haqidagi qarorisiz  kelib imoratni buzdirib tashlash mansabdor shaxsning xizmat vakolatidan chetga chiqishi hisoblanadi. Va bu Jinoyat kodeksining 206-moddasidagi  "Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish" sifatida baholanib jinoiy javobgarlikka sabab bo`lishi mumkin.  

Hokimliklardagi mansabdor shaxslar qonunlarni o`qib, bunga qat`iy amal qilishi lozim. Zero, fuqarolarning qonunbuzilishiga yo`l qo`yishi, ularga nisbatan hokimiyatning ham qonunni buzib harakat qilishini anglatmaydi.  

Hurmatli hokim, prokuror, "ichki ishlar", "kadastr" va boshqa mas`ullarni qonunlarga amal qilib, fuqarolarni davlat va islohotlardan roziligi yo`lida xizmat qilishga chaqirib qolamiz!    

    Boshqa yangiliklar