Shu yilning 26 mart kuni soat 23:43 da poytaxtimizdagi “103” dispetcherlik xizmatiga Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushadi.
Ko`rsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor – 1995 yilda tug`ilgan Baxromjon Hazratov) 7 daqiqa ichida zudlik bilan etib boradi. Bemor ko`rikdan o`tkazilayotgan vaqtda to`satdan shifokor B. Hazratovga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, og`ir tan jarohati etkazadi.
Shifokorning olgan jarohatidan kuchli qon ketayotganligi sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko`p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa bemorning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati o`ta og`irligini inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o`tkazilgan.
— 26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B. Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimasiya bo`limida og`ir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To`laganov. — U hozir og`ir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning o`rta darajadagi lat eyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qo`yilgan.
Dastavval, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko`p tarmoqli klinikasiga olib borilgan B. Hazratovning boshidan kuchli qon ketayotganligi sababli qon to`xtatish uchun boshning tepa va ensa sohalaridagi jarohatga 4 ta chok qo`yilgan.
" –Keyingi paytlarda shifokorlarga nisbatan aholi vakillarining tez-tez qo`pol munosabatda bo`layotgani, hatto, jiddiy tan jarohati etkazish darajasidagi g`ayriqonuniy xatti-harakatlarini amalga oshirayotgani bor gap. Bu, albatta, barchamizni birdek ranjitadi.
Ayniqsa, yarim tun bo`lishiga qaramasdan o`z xizmat vazifasini sidqidildan, fidoyillik bilan bajarayotgan tez tibbiy yordam shifokorlariga nisbatan bunday munosabat ko`rsatilishining ko`payayotgani kishi ko`nglini xira qiladi.
Ma`lumot uchun, Toshkent shahri tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan shu yilning yanvar oyida 82 ming 462 ta, fevral oyida 80 ming 290 ta va 1 martdan to 27 martgacha 80 ming 531 ta chaqiriqlarga o`z vaqtida zudlik bilan tibbiy yordam ko`rsatilgan. O`tgan yil ushbu tizimga mamlakatimiz bo`yicha 11 yarim milliondan oshiq murojaatlar kelib tushgan.
Shuncha chaqiriqqa o`z vaqtida javob berilib, tibbiy xizmat ko`rsatilgan. Bu bilan shifokorlarimiz millionlab odamlarining hayotini saqlab qolishga sababchi bo`lishdi. Ana shu raqamlar ham aholi salomatligi uchun tibbiyot xodimlarining xizmati naqadar mashaqqatli va bebaho ekanidan dalolat beradi.
Albatta, aybdorlar qonun doirasida o`z qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi. Vazirlik bu uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qo`llashni talab etib, uni nazorat qiladi.
Ammo oq halat sohiblari bilan bunday holatlar bot-bot takrorlanayotgani ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini yaxshilash, aholi orasidagi mavqeini oshirish ishlarini yanada kuchaytirish kerakligidan qayta – qayta darak bermoqda", – deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabarida.






