AOKAda o`tkazilgan brifingda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mas`ul xodimi Farrux G`afforov O`zbekistonda pulli trassalarni qurishga oid ma`lumotlar bilan bo`lishdi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent—Andijon pulli avtomobil yo`lini qurish bo`yicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar (DTIA) Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqilgan va 2020 yilda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan.
Loyiha bo`yicha «Investisiyadan oldingi tadqiqot» (Pre-investment study)ni o`tkazish bo`yicha konsultantni aniqlash ishlari boshlanish arafasida. Bir yildan ko`proq muddat davomida o`rganish ishlari o`tkazilgandan so`ng, xalqaro tender e`lon qilinadi. Shuningdek, o`rganish ishlari davomida aholidan mazkur loyihaga va yo`ldan foydalanish uchun to`lovga munosabati so`rovnoma orqali aniqlanadi.
Loyihalar bo`yicha hali qurilish ishlari boshlanmagan. Ikki bosqichli ochiq va shaffof tender asosida tanlangan xalqaro investor bilan DXSh to`g`risidagi bitim imzolangandan keyin qurilish ishlari boshlanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, loyiha umumiy qiymati 2 milliard AQSh dollaridan oshadi. 340 kilometrli yo`l uchun umumiy qurilish davri qurilish ketma-ketligiga ko`ra 5-10 yilni tashkil etishi mumkin.
Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, yo`ldan foydalanish narxlari engil avtomobil va engil yuk mashinalar uchun taxminiy narx 5 va 7 AQSh dollari, yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15 AQSh dollari etib ko`rsatilgan.
DXSh to`g`risidagi bitim taxminan 40 yil muddatga tuzilishi ko`zda tutilgan. Ushbu loyiha bo`yicha Prezident qarori qabul qilinishi ko`zda tutilgan bo`lib, mazkur qarorda yo`ldan foydalanuvchilar uchun narxlar o`zgarishi yoki to`lovninng ma`lum qismi subsidiya hisobiga qoplanishi yoxud yo`lning bepul bo`lishi va imtiyozga ega bo`lgan foydalanuvchilar ro`yxati shakllantirilishi masalalariga aniqlik kiritiladi.
G`afforovning so`zlariga ko`ra, pulli trassalarni qurish uchun davlat byudjetidan mablag` ajratilmaydi.
Toshkent—Samarqand pulli avtomobil yo`li bo`yicha Evropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultantlari bilan bitim imzolangan va hozirda o`rganish ishlari davom etmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, loyiha umumiy kapital xarajatlari taxminan 1,5 milliard dollardan oshadi. 300kilometrli yo`l uchun umumiy qurilish davri qurilish ketma-ketligiga ko`ra 5-8 yilni tashkil etishi mumkin.
Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, yo`ldan foydalanish narxlari engil avtomobil va engil yuk mashinalar uchun taxminiy narx 5 va 7 AQSh dollari, va yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15-20 AQSh dollari etib ko`rsatilgan.
DXSh to`g`risidagi bitim taxminan 30 yil muddatga tuzilishi ko`zda tutilgan. Loyihani moliyalashtirish davlat byudjetidan emas, asosan, xususiy sherik, ya`ni xorijiy investor tomonidan amalga oshiriladi.
«Shuni ta`kidlash lozimki, hali mazkur loyihalar bo`yicha aniq belgilangan marshrut va narxlar mavjud emas. So`nggi tasdiqlangan raqamlar hukumat va investorlar o`rtasida tuziladigan kelishuv asosida aniq bo`ladi. Aytilgan raqamlar xalqni amalga oshirilishi mumkin bo`lgan loyihalar bo`yicha umumiy tushunchaga ega bo`lishi uchun ma`lum qilindi», — deyiladi xabarda.
Xalqaro tajribaga ko`ra, pullik yo`l qurilganda odatda aholi uchun bepul alternativ yo`l saqlanib qoladi.






