Xalq ta`limi vaziriligining ma`lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining “Alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta`lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)da kasbga o`qitish kurslarini tashkil etish to`g`risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Qaror loyihasining maqsadi alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta`lim muassasalarida kasbga o`qitish kurslari tashkil etish, o`quvchilar tomonidan kasb-hunar ko`nikmalarining o`zlashtirilishini ta`minlash, maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasblarni o`rgatish orqali ularning kasb-hunar olishga bo`lgan ehtiyojini qondirishdan iborat.
Bundan tashqari kasbiy ta`lim berish jarayonida «usta-shogird» an`analari, mahalliy va xorijiy ilg`or tajribani o`rgangan holda eng maqbul usullardan foydalanish hamda kasblarning malaka talablari va kasbiy ta`lim berish jarayonining metodik ta`minotini takomillashtirib borish ko`zda tutilgan.
Shuningdek qarorga ko`ra, o`quvchilarda mustaqil ijodiy fikrlagan holda mehnat jarayonini tashkil etish ko`nikmalarini shakllantirish orqali ularning mehnat faoliyati bilan faol shug`ullanishi imkonini beruvchi kasb egasi bo`lishlari hamda mehnat bozori uchun maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlik talab etilmaydigan kasblar bo`yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishi ta`minlanadi.
Qarordan kutilayotgan natija alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan o`quvchilarini kasb-hunarga o`rgatish, ularning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda kelajakda egallagan kasblari bo`yicha mehnat faoliyati bilan shug`ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish hamda ta`lim muassasalarini bitirgan alohida ta`lim ehtiyojlari bo`lgan bolalarni ish bilan ta`minlashdan iborat.






