AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vaziri maktablarda 4-chorak darslari boshlanishi arafasida ota-onalarga murojaat qildi

'Xalq ta`limi vaziri maktablarda 4-chorak darslari boshlanishi arafasida ota-onalarga murojaat qildi'ning rasmi

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov 29 mart kunidan boshlab, 4-chorak darslari boshlanishi munosabati bilan koronavirus infeksiyasining ko`payishi sharoitida, maktablarning masofaviy ta`lim shakliga o`tkazilishi bo`yicha ko`plab savollar kelib tushayotganli  sabab ota-onalarga murojaat bilan chiqdi.

"Shu o`rinda, yana bir bor eslatib o`tmoqchimiz, o`quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy o`quv yilida gibrid ta`lim tizimi joriy etilgan, ya`ni farzandini maktabga yuborib an`anaviy ta`lim olishi yoki uydan bepul televizion «Onlayn maktab» kanallari orqali masofaviy ta`lim olishi bo`yicha qarorni ota-onalarning o`zi qabul qiladi.

Epidemiologik holat og`irlashgan hududlarda, mahalliy hokimlik organlariga karantin talablarini kuchaytirish choralarini ko`rish vakolati berilgan. Shuni inobatga olib, hududiy hokimliklar ba`zi tumanlardagi maktablarni to`liq masofaviy ta`lim shakliga o`tkazish bo`yicha qaror qabul qilishi mumkin. O`z navbatida, maktablarning ma`muriyatiga sanitariya-gigiena talablariga qat`iy rioya etish bo`yicha topshiriq berilgan.

Pandemiya nafaqat dunyo iqtisodiyoti va ta`lim tizimiga, balki insonlarning asabiga ham salbiy ta`sir ko`rsatayotganiga guvoh bo`lyapmiz. Shunday ekan, qadrli ota-onalar, joylarda maktab jamoasi bilan o`zaro hurmatni saqlagan holda, faqat birgalikda ushbu vaziyatdan chiqib ketishimiz mumkinligini tushunishingizni so`raymiz!» deyiladi vazir murojaatida.

    Boshqa yangiliklar