Avvalroq, Yunusobodda ijaradagi uydan besh talabaning murdasi topilgani haqida xabar bergan edik.
Unda Toshkentning Yunusobod tumani “Firdavsiy” mahallasi Injobod ko`chasidagi xonadonda 27-fevral kuni soat taxminan 20:50 atrofida shu erda ijara asosida yashagan besh talabaning murdasi topilgan edi. Ilk rasmiy ma`lumotlarda yigitlar “noma`lum moddadan o`tkir zaharlanish” oqibatida vafot etgani ta`kidlangan, biroq gap aynan qaysi modda haqida borayotganiga aniqlik kiritilmagan edi.
"Daryo.uz"ning Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib bergan ma`lumotiga ko`ra, voqea joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik xizmati tomonidan tekshirishdan o`tkazilgan. Xonadon egasi G.M., vafot etganlar bilan birga ijarada yashagan N.A., “Bunyodkor-dudbo`ron xavfsizligi” kompaniyasining dudbo`ronlar pechka ustasi Z.X. batafsil so`roq qilingan.
“Shuningdek, 26-fevral kuni soat 22:00 dan 27-fevral kuni soat 9:00 oralig`ida Injobod ko`chasidagi uyga qanday kuchlanishda tabiiy gaz yuborilgani va odatiy kunda tabiiy gaz kuchlanishining miqdori haqida `Hududgazpoytaxt`dan hamda Gidrometeorologik xizmatidan shu vaqt oralig`ida bo`lgan ob-havo ma`lumotlari olindi”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Ma`lum bo`lishicha, beshala yigitning bari “is gazidan o`tkir zaharlanish natijasidagi o`tkir nafas va yurak qon tomirlari etishmovchiligi” oqibatida vafot etgan. Bu Respublika sud tibbiyot ekpertiza ilmiy-amaliy markazining 15-martdagi yakuniy xulosalari bilan tasdiqlangan.