Prezidentning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2021 yilda Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirishning manbalar kesimidagi hamda loyihalarni kreditlashning hududlar kesimidagi maqsadli parametrlari tasdiqlandi.
2021 yil 1 apreldan:
- aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
- kredit olishda talabgorlarga “Agrobank” ATB, AT Xalq banki va “Mikrokreditbank” ATBlar orasidan birini ixtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish bo`yicha murojaat etish imkoniyati yaratiladi;
- kredit oluvchi tanlagan mahsulot etkazib beruvchi tashkilot tomonidan mahsulotlar etkazib berilgandan so`ng, kredit mablag`lari ta`minotchiga ajratib beriladi;
- o`zini o`zi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xomashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln so`mgacha miqdorida kredit mablag`lari naqd pulda berilishi mumkin;
- “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish mas`uliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo`limlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek, mahalla fuqarolar yig`ini raislari zimmasiga yuklatiladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,3 trln so`m miqdoridagi mablag`ni vakolatli banklarning ustav kapitalini oshirishga, shu jumladan “Agrobank” ATBga – 700 mlrd so`m, “Mikrokreditbank” ATBga – 400 mlrd so`m va AT Xalq bankiga – 200 mlrd so`m yo`naltiriladi.