Yuragimda saqlaganlarim: Qimmatga tushgan yolg`on

Mutolaa 22.02.2016, 17:52
Yuragimda saqlaganlarim: Qimmatga tushgan yolg`on

Bozorda savdo qilaman. O`tgan uch oy ichida boshimga tushganlarini kimgadir gapirib berishni istab, oxiri sizlarga murojaat qilyapman... 

Maktabni bitirgan paytim ota-onam institutga kirishimni juda xohlashgandi. 

- Ertaga tog`angning o`g`li Shuhratjonning oldiga borasan. Unga tayinlab qo`ydim. Seni kirish imtihonlariga o`zi tayyorlaydigan bo`ldi. Nimalar qilishing kerak, qaysi kitoblarni ko`proq o`qiysan, hammasini o`zi tushuntiradi, - dedi dadam.

Shuhrat akamni hamma yaxshi ko`radi, doim maqtab gapirishadi. 

Juda aqlli, og`ir, bosiq. O`z kuchi bilan o`qishga kirdi. Institutda yaxshi o`qigani uchun domlalari olib qolishdi. Sen ham unga o`xshasang, xursand bo`lardim, - bu gaplarni men va men tengi qarindosh yigitlar ko`p eshitganmiz. 

Kel, bo`lajak talaba, endi vaqt oz qoldi, shuning uchun boshqa narsaga chalg`imay, faqat o`qishga tayyorlanishni o`ylashing kerak. Mana, senga kerakli savol-javoblar to`plami, test variantlarini topib qo`ydim. Hozirdan bularni o`qishga kirish. 

Akamning qo`lidan bir sumka kitoblarni olar ekanman, shuncha narsani qanday o`qib chiqaman, degan xayol o`tdi boshimdan. 

Xullas, ota-onam uy ishlaridan ozod qilib, meni har kuni shaharga jo`natadigan bo`lishdi. Men esa yarim soat, bir soat kitob o`qiganimdan keyin boshim g`uvillab tashqariga chiqardim. Atrofdagi do`konlarni aylanardim. Akamning uyga kelish paytida yana kirib, kitobni qo`limga olardim. Shunday qilib birpasda uch oy o`tib ketdi. Imtihonlar yaqinlashgan paytda meni sinab ko`rgan akamning hafsalasi pir bo`ldi. 

Bilimimdan qoniqmagan bo`lsa ham, omadga ishonib, hujjatlarimni topshirtirdi. 

Tabiiyki, o`qishga kirolmadim. Yana ikki yil shunaqa besamar urinishdan keyin institutga kirishdan voz kechdim. 

Qishloqdan meva-sabzavotlarni arzonga olib kelib, shahar bozorida sotardim. Boshida ancha qiynaldim, asta-sekin bozor tilini tushunib, ishlarim yurishib ketdi. 

Ehtiyot bo`l, o`g`lim, savdo nozik narsa, pulni deb insofni unutib qo`yma, - deb tayinlardi doim onam.                           

Savdoga ancha qo`lim kelishib qolgani uchun qarindoshlarimdan maqtov ham eshitib qolardim. Bir tanishimning taklifi bilan kiyim-kechak savdosida o`zimni sinab ko`rmoqchi bo`ldim. U menga qo`shni davlatlardan mol olib kelib beradi. Ikki yildan buyon shahardagi “Otchopar” bozorida ayollar kiyimini sota boshladim. Foydasi yaxshi ekan, yarim yilda anchagina mablag` to`pladim. 

Bir gal mollarning olingan narxi bilan bozorda sotilishi kerak bo`lgan narxlari yozilgan qog`ozni ko`rib qolgan onam norozi ohangda:

Asli narxi arzon-ku, nega muncha qimmat sotyapsan? - deb qoldi.

Oyi, bozorni o`z qonun-qoidasi bor, hamma shu narxda sotib turgandan keyin mena ham shunday qilaman-da, agar arzon sotsam, boshqalardan gap eshitaman. Hech kimga majburlab molimni tiqishtirmayman-ku, kimni qurbi etsa oladi. Nimasini o`ylaysiz, hozir zamon shunaqa, boshqa iloji yo`q... 

Baribir ehtiyot bo`l, bolam. Shu rizq bilan oilangni, bolalaringni boqyapsan, odamlarni norozi qilma...

Onam har kelganida menga shu gaplarni takrorlashni kanda qilmasdi. Qish mavsumi boshlanishiga do`konimga yangi urfga kirgan ayollar paltosini buyurtma qildim. Mollarni ko`rib, ko`zim quvnab ketdi, chiroyli, yangi fasondagi paltolar do`konimni bezadi. Bitta “pachka”ni ochganimda orasidan ikkitasi “brak” chiqdi. Endi nima qildim, sinchkov xaridor bir ko`rishda aybini topadi. Har birini 800-900 ming so`mdan sotaman, deb mo`ljallab qo`ygandim. Ikki million so`mga kuyarkanmanda... Yo`q...  

Kecha olgan paltodan bir “pachka”sini qaytarib beraman. Ko`payib ketdi, boshqa biror do`konga o`tkazarsiz... - dedim menga mol olib keladigan yigitga.

Uka, nimaga o`yinni buzyapsiz? Buning ustiga, pachkani ochganingiz ko`rinib turibdi, qaytarib olmayman uni. 

Har doim undan mol olib yurganim uchun  munosabatimiz buzilmasin, deb indamay qo`ydim. Endi o`sha “brak” paltoni kimgadir o`tkazish fikri xayolimdan ketmay qoldi. 

Qishning boshlanishi, dam olish kunlari savdo zo`r, odam gavjum bo`ladi. Yakshanba kuni bo`lgani uchun o`sha kuni ham xaridorlar ko`p edi. Ba`zilar shunchaki narx-navoni bilish yoki tomosha qilish uchun chiqadi. Ancha payt savdolashib vaqtimizni oladi-yu, “bir aylanib kelay-chi”, deb ketib qoladi. Shunday paytda biram asabim o`ynaydiki…

Do`kon devorlariga tepadan pastgacha uch qator qilib, paltolarni ilib tashlaganmiz. Ertalabdan o`ntacha paltoni sotib, kayfiyatim ko`tarilib ketdi. Tushlikka yaqinlashaganda bir homilador ayol ikki yoshlardagi farzandi va eri bilan do`konimga kirdi. 

Mana, qara, bu do`konda ham shunaqa paltolar, olsang, tezroq ol. Kun peshin bo`ldi, - er negadir asabiylashib gapirdi. Ayol esa ko`zlari javdirab paltolarga termila boshladi. 

Tezroq tanla, men tashqarida turaman...

Anuv uchinchi turgan paltoni ko`rsam bo`ladimi?

Marhamat, opajon, qanaqa palto xohlayapsiz o`zi? Turkiyanikimi, o`zimiznikimi, rangi qanaqa bo`lsin?

Gaplaridan aniq palto olishini bilib, ularni qo`ldan chiqargim kelmadi. 

Opajon, sal to`laroqdan kelgan ekansiz, men sizga hozir yangi stildagi inglizcha fasonda tikilgan paltoni beraman. Bir kiyib ko`ring, o`zingiz baho berasiz. Sizga “chotkiy” turadi. 

Aytganimdek ayolga palto juda yarashdi. 

Dadasi, qarang-chi, yaxshi turdimi? – oynaga qarayotib, erini ham chaqirdi ayol. 

Bo`ladi, o`zingga yoqqan bo`lsa, bo`ldi... Tezlashtir, bolaniyam qorni ochib ketdi... – er yana tashqariga otlandi.

Voy, erkak kishi bilan bozorga tushgan men ahmoq... uka, siz to`g`risini ayting, rangi menga mos tushdimi?

Zo`r turibdi, opajon, ham narxiyam qimmatmas, bozorda bundan arzonini topolmaysiz. Ikkilanmay olavering. “Polojenie”da ekansiz, bir razmer kattasini olsangiz, yanayam yaxshi turadi...

Onasi atrofida parvona bo`layotgan bolakay do`kon poliga sirpanib yiqilib, burnini urib olib, dodlab yig`lay boshladi. 

Do`kon tashqarisidagi er vajohat bilan yugurib kirib, baqira ketdi:

He imillamay o`l, yarim kundan beri seni paltongni deb, bola ham qiynalib ketdi. Oladigan bo`lsang, tezroq olmaysanmi... Senga qolsa, yana yarim kun o`ylanasan...

Ayol yig`layotgan bolasini ovutib, menga yuzlandi. 

Mana shuni bir razmer kattasini o`rab bering. Yana bozorga tushishga vaqtim bo`lmaydi. Paltosiz qaytib ketmay. Narxiniyam sal tushiring. 

Opajon, ko`pi bilan 50 ming tushardim, siz uchun yuz ming so`m tushib beraman.

O`zi 800 mingga mo`ljallangan paltoni ayolga 700 mingga sotdim. Yana ustiga-ustak, pachka ichidan chiqqan nuqsonli  paltoni berib yubordim. Yaxshi chevarga olib borsa, tuzatib kiysa bo`ladi, deb qo`ydim. 

Ular ketishdi. Kechgacha yana uchta palto sotdim. Ertasiga dushanba bo`lgani uchun dam oldik. Seshanba kuni jiyanimni yordamga olib chiqdim. “Optom” kuni bo`lgani uchun bir o`zim charchab qolaman-da. 

Ikki kun oldin kelgan ayolga ko`zim tushdi bir mahal. Darrov o`girilib, ichkariga kirdim-da, jiyanmni imladim:

Anavi ayolni tezroq chiqarib yubor, bor...

Kechirasiz, uka, yakshanba kuni sizlardan palto olib ketuvdim. Adashmasam, shu do`kon edi. Sherigingiz ham bormi? Mana, mana bu fasondan... sal aybi bor ekan, uyga borib ko`rib qoldim, rosa gap eshitdim uydagilardan... Ozmuncha pulgamas 700 mingga oluvdim... Iltimos, almashtirib bering...

Yo`q, bizdan olmagansiz., men sizni birinchi marta ko`rib turibman. Bunaqa fasondagi palto boshqa do`konlarda ham bor. Bizdan olmagansiz buni. Esimda qolgan bo`lardi... 

Telefon raqam ham olmagan ekanman, bola bilan chiqqandim...

Jiyanim mening imo-ishoram bilan ayolning hamma gapini rad etdi. 

Ayol tashvishli nigohini paltolardan, jiyanimdan uzolmay, noiloj chiqib ketdi. Uyida eridan anchagina gap eshitgan, bozorni rosa aylanib meni izlagan bo`lishi aniq. Buni uning tashvishli yuzidan bilish qiyin emasdi. 

O`sha kuni kechgacha savdo qilib uyga qaytdim. Ertasiga mendan ancha pul olib, molga ketgan sherigim yo`lda mollarni oldirib qo`yganini, pullarimni hali-beri qaytorolmasligini aytdi. Kayfiyatim buzildi. Deyarli bor pulimni unga tikkandim. Do`konimda ham xaridorlar kam. Buning ustiga, mol ham tugayapti. Bir haftacha o`tib, onam qattiq betob bo`lib qolgani uchun qishloqqa ketdim. 

Qaytib kelsam, menga do`konini ijaraga bergan kishi ijara pulini vaqtida bermaganim uchun boshqa odam topganligini aytdi. Qancha yalinmay, quloq solmadi. Ko`z o`ngimdan paltosini almashtirolmay qaytgan ayol ketmay qoldi. Mendan qattiq norozi bo`lgan ekan. Uni qaerdan topsam ekan? Qani hozir ro`paramdan chiqib qolsa... Kechirim so`rab, paltosini almashtirib bergan, hatto  pulini ham qaytarib bergan bo`lardim...

K. U., Toshkent shahri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1