COVID-19 ga qarshi emlash jarayoniga tayyorgarlik ishlari to`g`risida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o`rinbosari Nurmat Otabekov quyidagilarni ma`lum qildi.
Uning so`zlariga ko`ra, ommaviy emlash tadbirlarini har tomonlama tizimli tashkil etish maqsadida quyidagi qo`shimcha tadbirlar amalga oshirilgan:
- 3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar tashkil etildi;
- ️COVAX doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta engil avtotransport vositalari etkazib berildi;
- emlash jarayonida qatnashadigan 4 ming nafardan ortiq shifokorlar va 11 ming nafardan ortiq o`rta tibbiyot xodimlari tayyorgarlikdan o`tkazildi.
- ️ vaksinalarni qo`llash yuzasidan o`zbek, rus va qoraqalpoq tillarida targ`ibot materiallari chop etildi.
Xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini emlash ishlarini tizimli tashkil etish va salbiy holatlarni oldini olish maqsadida ommaviy emlash tadbirlarini bosqichma-bosqich joriy yilning 1 aprelidan quyidagi tartiblarda amalga oshirish taklif etildi:
- aprel oyidan Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 219 ta emlash punktlarida bir oyda 142,3 ming emlash o`tkazilishi rejalashtirilgan bo`lib, birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo`lgan tibbiyot xodimlarini emlash;
- may oyidan qo`shimcha shahar va tuman markazlaridagi 1 037 ta emlash punktlarida bir oyda 674 ming emlash o`tkazilishi rejalashtirilgan;
- iyun oyidan barcha emlash punktlarida COVID-19 ga qarshi vaksinasiya ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan.
"Bir haqiqatni tan olishimiz kerak, koronavirusga qarshi vaksina — zamonaviy tibbiyotning eng yuksak yutug`i, unga ishonchsizlik bildirmaslik kerak. Aynan shu kabi vaksinalar sababli bugun mamlakatimiz bir qator xavfli kasalliklardan holi hudud deb e`tirof etilgan. Koronavirusga qarshi vaksinalar ham pandemiyani engishda asosiy omil bo`lib xizmat qiladi",– deydi Nurmat Otabekov.