AsosiyJamiyat

Farg`onada IIB binosidan o`ligi chiqqan 20 yoshli yigit bo`yicha ma`lumot berildi

'Farg`onada IIB binosidan o`ligi chiqqan 20 yoshli yigit bo`yicha ma`lumot berildi'ning rasmi

Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Quva tumanida 20 yoshli, soppa-sog` yigitni IIB xodimlari "suhbat qilish" uchun olib kirib ketib, o`ligini olib chiqib berishibdi” sarlavhali xabar Farg`ona viloyati IIB tomonidan o`rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 2 aprel kuni Quva tumani Qalinpo`stin mahallasi bo`ylab piyoda ketayotgan, 2001 yilda tug`ilgan fuqaro A.Anvarov yiqilib tushib, sog`lig`i yomonlashganligi sababli shifoxonaga olib borilgan. Tibbiy muolajalarga qaramasdan, shu kuni A.Anvarov shifoxonada vafot etgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma`lumotida, fuqaro A.Anvarovning o`limiga o`tkir yurak-o`pka etishmovchiligi, yurakni ishemik kasalligi, ikki tomonlama buyraklar polikistozi sabab bo`lganligi ko`rsatilgan.

Shuningdek, joriy yil 31 mart kuni Quva tuman IIB HPB profilaktika inspektorlari tumanning Qalinpo`stin MFY hududida xizmat olib borayotgan paytida fuqaro A.Anvarov karantin qoidalarini buzib, niqob taqmagan holda yurganligi sababli to`xtatilganida A.Anvarov shaxsi to`g`risida biror-bir ma`lumot taqdim etmagan.

So`ng, A.Anvarovni shaxsiga oydinlik kiritish maqsadida Huquq-tartibot maskaniga olib borilgan.

Fuqaro A.Anvarov sodir etgan huquqbuzarligini tushunib etganligini, moddiy tomondan qiynalganligini ma`lum qilganligi bois, otasi Yo.Xalilov ishtirokida profilaktik suhbat o`tkazilib, rasmiy ogohlantirilgan va otasi bilan birgalikda yashash xonadoniga ruxsat berilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Quva tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Vafot etgan fuqaroning oila a`zolariga va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Shu o`rinda jurnalist va blogerlardan tekshirilmagan va tasdiqlanmagan ma`lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylamasliklarini, agarda biror-bir voqea va hodisa haqida ishonchli ma`lumot olish zarurati tug`ilsa, viloyat IIB Axborot xizmatining 99) 9945375 telefon hamda telegramm raqamiga murojaat qilishlarini so`rab qolamiz.

    Boshqa yangiliklar