O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining roliga bag`ishlangan seminar bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda parlament a`zolari, vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari vakillari, olimlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda yurtimizda bir ming to`rt yuzdan ko`proq ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritmoqda. Ularning oltmish foizga yaqini nodavlat ommaviy axborot vositalaridir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot manbalari ham yildan-yilga takomillashmoqda.
Seminar ishtirokchilari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi bo`yicha monitoring olib borish va uning baholash usullari bilan tanishtirildi.
– Qonunchiligimizga muvofiq, joriy yildan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqlik bo`yicha vazifalarni amalga oshirish darajasini baholovchi «ochiqlik indeksi» e`lon qilib boriladi, – deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboev. – Bu jarayonda reyting baholashni tashkil etishda davlat organlarining ommaviy axborot vositalari, fuqarolik institutlari bilan hamkorligi alohida mezon etib belgilandi.
Seminarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini ta`minlashda axborot xizmatlarining roli, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan aholining xabardorligini oshirishda matbuot xizmatlari va jurnalistlarning o`rniga doir ma`ruzalar tinglandi.





