«Hududgazta`minot» AJ tizimida iste`molchilarning gaz hisoblash qurilmalaridagi ko`rsatkichlarni yig`ish bilan shug`ullangan inspektorlar lavozimi bekor qilindi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu qaror gazni hisobga olish qurilmalari iste`mol ko`rsatkichi va debitorlik qarzi yuqori bo`lgan hamda gaz taqsimlash tarmoqlarini modernizasiya qilish zarurati mavjud bo`lgan 77 ta shahar/tumanlarga o`rnatilayotgani sabab qabul qilingan.
Ma`lum qilinishicha, hozirda GNHAT loyihasini amalga oshirish Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota va Qibray tumanlarida, Farg`ona viloyatining Marg`ilon shahrida, Navoiy viloyatining Karmana tumanida to`liq yakunlangan. Butun mamlakat bo`ylab 991 mingdan ziyod yangi «aqlli» gaz hisoblagichlar o`rnatib bo`lingan va ularda qayd etilayotgan ma`lumotlar avtomatik ravishda BillingGaz tizimiga yuborilmoqda.
«Qabul qilingan qaror gaz etkazib beruvchi va abonent o`rtasida o`zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni o`rnatish, shuningdek, GNHAT tizimiga ulanmagan hamda avval o`rnatilgan gaz hisoblagichlaridan tabiiy gaz iste`moli to`g`risidagi ma`lumotlarni BillingGaz tizimiga kiritishda inson omilini qisqartirishga imkon beradi», — deyiladi xabarda.
«Hududgazta`minot» AJ «sotuvchi va xaridor» munosabatlaridagi yangi shartlarga muvofiq hamda abonent va tabiiy gaz etkazib beruvchisi o`rtasidagi amaldagi kelishuvga binoan, iste`mol qilingan «zangori yoqilg`i» uchun to`lovlarni har oyning 10-kunigacha amalga oshirish kerakligini eslatadi.
Etkazib berilgan tabiiy gaz uchun to`lov shartnomada belgilangan muddatlarda, o`z vaqtida to`lanmagan taqdirda, iste`molchi etkazib beruvchiga gaz etkazib berish shartnomasiga muvofiq, to`lovi kechiktirilgan har bir kun uchun to`lov miqdorining 50 foizidan ko`p bo`lmagan holda, 0,1 foiz miqdoridagi penya to`laydi.
«Iste`molchilardan xonadonlariga o`zlarini gaz ta`minoti tashkilotlarining inspektori sifatida tanishtirib kelgan shaxslar bilan aloqaga kirishmasliklarini va ularni GNHAT tizimiga ulanmagan gaz hisoblagichlaridagi ko`rsatkichlarni taqdim etmaslikni, shuningdek, to`lovlarni mobil telefon orqali elektron tizimlar yoki bank kassalariga murojaat qilgan holda amalga oshirishlarini so`raymiz», — deyiladi «Hududgazta`minot» AJ xabarida.
Ta`kidlanishicha, yaqin kunlarda iste`molchilar GNHAT tizimiga ulanmagan, iste`moldagi gaz hisoblagichlarining ko`rsatkichlarini yuborishlari uchun maxsus Telegram-bot hamda ilova ham ishga tushiriladi.