Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Ta`lim homiysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot kotibi Sevara O`rinboeva ma`lum qildi.
Kuni kecha Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan 45 yildan beri faoliyat yuritib, etuk kadrlar etishtirib kelayotgan maktab-internati negizida Al-Xorazmiy nomli Xalqaro maktab-internati tashkil etib, foydalanishga topshirildi.
Bundan bir yil avval Prezidentimizning Xorazmga tashrifi vaqtida alohida tilga olib o`tilgan ushbu maktab negizida Xalqaro maktab internat tashkil qilish to`g`risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan edi.
Mana oradan bir yil o`tib Adliya vazirligi ko`magi bilan ushbu zamonaviy, innovasion ta`lim dargohi padegoglar jamoasi va o`qituvchilarga tantanali ravishda topshirildi.
Maktabning yangi va zamonaviy binosini ochilishi marosimida ushbu maktabning bitiruvchisi bo`lgan, adliya vaziri Ruslanbek Davletov Xalq ta`limi vazirligining “Ta`lim homiysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi.
Adliya vazirligi respublikada ta`limni yanada rivojlantirishga har doim o`z hissasini qo`shib kelmoqda. Jumladan, vazirlik tizimida so`nggi ikki yil davomida katta raqamlashtirish ishlari amalga oshirilib, yangi kompyuter texnikalari xarid qilindi. Raqamlashtirish yakunlangach, mavjud 2,5 mingdan ziyod kompyuter texnikalari respublika maktablariga topshirildi. Buning natijasida ko`plab o`qituvchilar xonalari kompyuterlar bilan jihozlanishiga erishilgan edi.