Andijon shahrida xalq ta`limi bo`limi boshlig`i fuqarolarni attestasiyadan o`tkazish va direktor lavozimiga tayinlash uchun 900 dollar pora olgan paytida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir fuqaroga uning xalq ta`limi tizimida ishlovchi tanishlarini attestasiyadan o`tkazishda yordam berishini aytgan. Shuningdek, uning 2 nafar tanishini maktab direktori lavozimiga hamda dugonasini maktab direktori o`rinbosari lavozimiga tayinlash masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishga va`da bergan.
Buning evaziga oldindan 8400 AQSh dollarini olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so`ng, fuqarolardan olgan ushbu pulning bir qismini Andijon shahar xalq ta`limi bo`limi boshlig`iga berishi kerakligini ma`lum qilgach, tadbir davom ettirilgan. Shahar xalq ta`limi bo`limi boshlig`i fuqarodan yuqorida keltirilgan masalalarni hal qilish evaziga 900 AQSh dollarni pora sifatida olayotgan paytida dalillar bilan qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 21-moddasi, fuqaroga nisbatan 168-moddasi va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.