Termizlik voyaga etmagan qiz fojiasi, uni zo`rlagan kimsaning jazosiz qolayotgani haqidagi xabar jamiyatimizning kuchli g`azabiga sabab bo`ldi va men ularning qarashlarini butunlay quvvatlayman, deya qayd etdi O`zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta`minlash bo`yicha komissiyasi a`zosi Saida Mirziyoeva.
«Bu mavzu ko`tarilganidan xursandman, u shu kabi jinoyatlardan aziyat chekkan qizlarga o`rnak bo`ladi. Bunday jinoyatlar e`tiborsiz, jazosiz qolmasligi kerak.
Bir yildan ortiq vaqt davomida ota-ona adolat izlab, norasida qizining hayotini sindirgan zo`ravonni jazolashni talab qildi.
Jinoyatchini hech qanaqasiga oqlab bo`lmaganidek, Termiz huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarini ham, umuman, oqlab bo`lmaydi. IIV bu holat yuzasidan surishtiruv-tergov ishlarini o`tkazishiga va Termiz IIB xodimlari jinoyatni yashirganligi uchun qonun oldida javob berishiga umid qilaman. Mening fikrimcha, bunday odamlar sohada yuzaga kelayotgan adolatsizliklarning asosi va qo`zg`atuvchisidir.
Jinoyatchining mansabi, vakolati va aloqalari hech qanday holatda sud organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning adolatli bo`lishiga ta`sir ko`rsatmasligi lozim.
Qizchaning ota-onasiga sabr, o`ziga esa kuch tilayman. Bardam bo`ling, vijdonini yo`qotmagan barcha siz tomonda!», deb yozadi Mirziyoeva.