O`zbekistonning Seuldagi elchixonasi Koreya-O`zbekiston Biznes assosiasiyasi bilan hamkorlikda Janubiy Koreyada yodgorlik va haykallar yasash bo`yicha etakchi sanalgan «Malong Company» kompaniyasi vakillari bilan buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy haykalini yaratish borasida amaliy ishlarni davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Elchixona xodimlari Xvason shahrida joylashgan ushbu kompaniyaga qarashli ustaxonada bo`lib, haykalning yaratilish jarayoni bilan tanishdi. «Malong Company» vakillariga haykalning me`moriy bezaklari va dizayni, tagkursidagi yozuvlar matni yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ayni paytda haykalning maketi tayyor qilingan bo`lib, endilikda uni bronzadan yasash ishlari boshlanadi. Tagkursi uchun oq marmar tanlangan.
"Dunyo xalqlari adabiyotining buyuk namoyandasi Alisher Navoiy siymosini yaratish sharafiga muyassar bo`layotganimdan juda ham xursandman. Chunki Navoiydek ulug` zot haykalini yaratishni har bir haykaltarosh orzu qiladi. Albatta, Navoiy siymosini uning nomi va jahon adabiyoti tarixida tutgan mavqeiga mos ravishda shakllantirish oson ish emas. Har bitta haykalni yasashda yaratilayotgan shaxsni o`rganish muhim. Navoiy haqida ko`p eshitganman. Uning siymosini yaratish uchun buyuk shoir shaxsiyatini chuqur o`rganib, keyin ish boshladim. Men bor mahoratimni ishga solib, bu tarixiy shaxs haykalini yaratishni o`z oldimga maqsad qilib qo`ydim",– deydi Janubiy Koreyadagi etakchi haykaltaroshlardan biri Park Kyong Dal.
Park Kyong Dalning ma`lum qilishicha, Alisher Navoiy haykali may oyining boshlarida tayyor bo`ladi.