Asli Izboskan tumanidan bo`lgan, ammo turmushidan ajrab, Andijon shahrining turli joylarida ijarada yashab yurgan Guljahon 1 nafar farzandini muqaddam ijarada yashab yurgan ayolga qoldirib, yangi tanishi, bosqinchilik, o`g`irlik kabi jinoyatlari uchun “o`tirib” chiqqan Otabek ismli yigit bilan tanishib qolib, Otabekning Andijon shahridagi uyiga ko`chib o`tib qo`ya qoldi. Bu uyda Otabekdan tashqari turmushga chiqmagan singlisi Fotimaxon ham yashar edi.
Guljahon Otabek bilan er-xotin bo`lib yashayotganida Guljahonning kimdan ekanligi noma`lum bo`lgan 5-6 oylik homilasi bor edi.
Vaqti-soati bilan Guljahonning ko`zi yoriydigan bo`lgach, Otabek uni Marxamat tumanidagi tug`ruqxonaga olib bordi. Guljahon u erda qizlik bo`ldi. Otabek qizchani o`zining qizi sifatida tan olib, rasmiylashtirdi. Albatta, Otabekning bunday ishini faqat olqishlasa bo`lardi. Ammo…
Qizcha 3 oylik bo`lgach, Guljahon avval ijarada yashagan uydagi ayoldan qoldirgan bolasini boqib berganligi uchun 500 AQSh dollari miqdorida qarzdor bo`lib qolganini, qarzini to`lash uchun pul kerakligini, qizchasisini boqishga qiynalyoatganini aytib, qizchasini sotish harakatiga tushib qoldi. Bir muddat oldin otasi noma`lum chaqaloqni o`z nomiga rasmiylashtirgan Otabek negadir Guljahonning bu harakatni qo`llab-quvvatladi. Tabiyiki, Guljahonning 3 oylik chaqalog`ini sotmoqchi bo`lyoatgani to`g`risidagi xabar tarqalib, kerakli idoralargacha etib bordi.
Shundan so`ng ular yashayotgan xonadonga chaqaloqni ko`rgani “er-xotin mijoz” keldi. Shu erda Guljahon Otabek orqali “mijoz”ga qiz chaqalog`ini 700 AQSh dollariga sotmoqchi ekanini bildirdi. Og`zaki kelishuvdan so`ng ular Andijon shahridagi “Daryotrans” yonida ko`rishmoqchi bo`lishdi.
Endi faqat 700 AQSh dollarini “mijoz”dan sanab olishu o`rniga chaqaloqni va uning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasini berish qolgandi… Aytilgan vaqtda aytilgan manzilga Otabek, uning singlisi Fotima va chaqalog`ini ko`targan Guljaxon etib borishdi. “Mijoz” bergan 700 AQSh dollarini Fotima olib, sanab, 500 AQSh dollarini akasi Otabekga berdi. Qolganini o`zida olib qoldi. Mana shundan so`ng Guljaxon chaqalog`ini “Mijozga” uzatdi va ortidan tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasini ham berib, tilxat ham yozib berdi.
Tabiiyki, Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari paydo bo`lishib, odam savdosi bo`yicha jinoyat sodir etilayotganini bildirishib, ularni qo`lga olishdi.
Sud jarayonida Otabek aybiga qisman iqrorlik bildirib, notariusda ishlagan tanishiga qo`ng`iroq qilib, holatni aytgani, tanishi bolaning tug`ilganlik guvoxnomasini va onasini pasportini olib Andijon shahridagi “Baxt uyi” oldidagi notariusga borish kerakligini, ushbu notariusda bolani boshqa shaxsga o`tkazib berishini tushuntirganini. Shuning uchun ushbu ishni qonuniy deb bilgani, o`zini jinoyat haqida xabar bermagani uchun aybdor hisoblashini. O`sha kuni Guljaxon, uning chaqalog`ini singlisi Fotima bilan “Baxt uyi”ni yoniga borishganini. “Mijoz” ularni “Daryotrans” tashkilotini oldida kutayotganini bilgach, u erga borishib, Guljaxon Gulzoda ismli chaqalog`ini “mijoz”ning turmush o`rtog`iga bergani. Shu orada o`ziga qo`ng`iroq bo`lgani sababli chetroqqa o`tib, telefonda gaplashib, birozdan so`ng qaytib kelgan vaqtida singlisi Fotima “mijoz”dan olgan 700 AQSh dollaridan 500 AQSh dollarini bergani. Guljaxon tilxat yozib berib, chaqaloqni tug`ilganlik haqidagi guvohnomasini bergani. Shu vaqtda oldilariga bir necha fuqarolar kelishib, o`zlarini Departament xodimlari deb tanishtirishib, ularga nisbatan tezkor tadbir o`tkazilayotganini va Guljaxonga chaqaloq farzandini 700 AQSh dollariga “mijoz” ga sotganlikda gumon qilinayotganligini aytishgani. O`zi va Guljaxon 700 AQSh dollarini xodimlarga taqdim qilishgani. Guljaxon farzandini birorta shaxsga berib yubormoqchi bo`lib yurganini aytganini. Katta farzandi garovda turgani uchun pulga sotishga majbur bo`lganini. O`zi singlisidan olgan 500 AQSh dollarini Guljaxonni farzandini garovdan chiqarib berish uchun olganini. O`zi bu ishlarni jinoyat ekanini bilmaganini. Hozirda sodir etgan qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon ekanligini aytib, suddan engillik berilishini so`radi.
Sudda guvoh sifatida so`ralgan B.Qambarova Otabek va Fotimalarni tanimasligini, Guljaxonni tanishini. Guljaxon uni yashash xonadonida ijarada yashagani. Guljaxonni tug`ruqxonadan chiqishi uchun o`zi sarf-xarajat qilgani, Guljaxonni katta farzandini chaqaloqligidan boqib kelgani, ularga mehri tushib qolgani. Guljaxonni farzandini boqib bergani uchun undan pul talab qilmaganini. Undan 500 AFSh dollari so`ramaganini. Hozirda Guljaxon uni uyida yashab kelayotganini. Farzandini garov sifatida ushlab turmaganini. Guljaxonni bolasini pul uchun boqmaganini. Guljaxonni undan qarzi yo`qliginini. Guljaxonni farzandi unda garovda bo`lmagani haqida aytib, ko`rsatuv berdi.
Sudlanuvchi Otabek sud majlisida Guljaxonni farzandini sotishdan mulkiy manfaatdor bo`lmaganini, bu ishni jinoyat ekanini bilmaganini aytib bergan ko`rsatuvi sud majlisida so`roq qilingan sudlanuvchilar Guljaxon va Fotimalarni chaqaloqni sotishdan xabarlari bo`lgani, “mijoz”dan olingan 700 AQSh dollarini, 500 AQSh dollarini Otabek olganini, 200 AQSh dollari Fotimada qolgani, shuningdek, Guljaxonni katta farzandi 500 AQSh dollari evaziga hech qanday garovda turmagani, sud majlisida so`roq qilingan guvoh B.Qambarovani ko`rsatuvi bilan ishonchga sazovor emas deb hisobladi.
Sud hukmi bilan Otabek 5 yil muddatga ozdlikdan mahrum etildi. Guljaxonni ayol kishi ekanini, yosh chaqaloq farzandi borligini, turmush o`rtog`i yo`qligini, ular onasini mehriga muxtoj ekanini, unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan taqdirda farzandlari ona mehridan maxrum bo`lishini, uni hulqini jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin deb hisoblab, Jinoyat kodeksining 72-moddasini tadbiq qilib, tayinlangan jazoni shartli jazoga almashtirishni; Fotimaga jazo turi va me`yorini tayinlash chog`ida jazoni og`irlashtiruvchi holatlar sifatida jinoyatni g`arazli va boshqa past niyatlarda sodir qilganini, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganini, oilaviy sharoitini, ayol kishi ekanini, qaramog`ida bir nafar voyaga etmagan farzandi, ya`ni 7 oylik farzandi borligini jazoni jiddiy kamaytiruvchi holatlar sifatida baholab, uni ayol kishi ekanini, yosh chaqaloq farzandi borligini, yosh chaqalog`i onasini mehriga muxtoj ekanini, unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan taqdirda farzandi ona mehridan maxrum bo`lishini, uni hulqini jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin deb hisoblab, Jinoyat kodeksining 72-moddasini tadbiq qilib, tayinlangan jazoni shartli jazoga almashtirishni lozim topdi.
U.ShERALIEV, jinoyat ishlari bo`yicha Andijon shahar sudining sudyasi.