1

Haydovchilarning to`xtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori qisqartirilmoqda

Jamiyat 19.04.2021, 17:05
Teglar: Haydovchilarning to`xtab turish qoidalari
Haydovchilarning to`xtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori qisqartirilmoqda

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasining majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda Senatning o`n to`rtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko`rib chiqildi.

Xususan, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun, bog`dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilindi.

 Ta`kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishni talab etmoqda.

 Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunda Havo kodeksiga kiritilayotgan o`zgartishlarga asosan Eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

 Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilayotgan o`zgartishlarga ko`ra transport vositalari haydovchilarining to`xtash yoki to`xtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan ikki baravariga qisqartirilmoqda.

 Majlisda bog`dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari muhokama qilindi.  

 Qayd etilishicha, ishchi guruh tomonidan 6 ming 140 gektar maydondagi 730 ta bog`dorchilik-uzumchilik shirkatining er uchastkalari, bino-inshootlari hamda kadastr hujjatlari o`rganilgan. Aniqlanishicha, 74 ming 82 ta dala-hovli mavjud bo`lib, shundan 37 ming 847 ta ob`ektda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, 19 ming 95 tasi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan.

 Ishchi guruh tomonidan ayrim shirkatlar tugatilgani yoki aholi punktiga o`tkazilgani, shirkatlarning er ajratish to`g`risidagi hujjatlari tahlil qilinganda, ular tomonidan ortiqcha er maydonlari egallab olingani ma`lum bo`lgan. Shirkatlar hududidagi 11 mingga yaqin dala-hovlidan turar joy sifatida, 400 ga yaqinidan esa noturar joy sifatida hujjatsiz foydalanib kelinayotgani qayd etildi.  

Majlisda qishloq xo`jaligida resurs tejovchi zamonaviy sug`orish texnologiyalarni joriy etish bo`yicha belgilangan vazifalarning Navoiy viloyatida ijro etilishi bo`yicha o`tkazilgan o`rganish natijalari ko`rib chiqildi. Unga ko`ra, ushbu hududda jami 947 ta fermer va qishloq xo`jaligi korxonasida 5 ming 552 gektar mevali bog` tashkil etilgan. Shundan 4 ming 997 gektarini mahalliy bog`lar va 1 ming 828 gektarini intensiv bog`lar tashkil qiladi.

500 ta fermer va qishloq xo`jaligi korxonasidagi mavjud uzumzorlar 4 ming 749 gektarni tashkil qiladi. 2021 yil 1 yanvar holatida 277 ta xo`jalikda 482,6 gektar erda issiqxonalar tuproqda va gidroponika usulida tashkil qilingan. Ularda suv tejovchi texnologiyalar o`rnatilgan.  

Xalq deputatlari Uychi tuman Kengashining bir qator qarorlari qonunga muvofiqligini o`rganish yuzasidan qo`mita tomonidan olib borilgan o`rganish natijalari ham majlisda ko`rib chiqildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1