2021 yilning 19 aprel kuni soat taxminan 23:30 larda Beruniy ko`chasida (“Tinchlik” metro stansiyasi bekati yonida) ikkita transport vositasining o`zaro to`qnashuvi kuzatildi. Samarqand viloyatidan bo`lgan 23 yoshli Abdullo Z. “Naksiya-3” rusumidagi avtomobilni (davlat raqami 30 V 472 VA) boshqara turib, 25 yoshli Bunyod haydab ketayotgan “Matiz” rusumidagi (davlat raqami 01 L 599 ZA) mashina bilan to`qnashuv sodir etadi.
Avtomobillarning to`qnashuvi oqibatida “Neksiya-3” mashinasida yo`lovchi sifatida ketayotgan 24 yoshli Samarqand viloyatida yashovchi Mohinur T. tan jarohati olib tibbiyot muassasasiga olib borilgan. “Neksiya-3” haydovchisi esa shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etgan. “Matiz” haydovchisi esa voqea joyida hayotdan ko`z yumgan. Ushbu mudhish xodisa oqibatida halok bo`lganlarning yaqinlari va oila a`zolariga hamdardlik bildiramiz.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, yo`l transport hodisasining kelib chiqishiga “Neksiya-3” haydovchisi belgilangan me`yordan yuqori tezlikda harakatlanib boshqaruvni yo`qotganligi va yo`lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib boshqa mashina bilan to`qnashganligi sabab bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






