AsosiyJamiyat

Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasiga kirish nima sababdan pulli bo`ldi?

'Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasiga kirish nima sababdan pulli bo`ldi?'ning rasmi

«Shahrisabz» davlat muzey-qo`riqxonasi bosh direktori Nabi Xushvaqov ijtimoiy tarmoqlarda Oqsaroy majmuasiga kirish uchun pul talab qilinayotgani, bu pullar qonuniy asosda olinayotganiga shubha uyg`onayotgani haqida tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritdi, deb yozadi «Xalq so`zi Online».

Ma`lum qilinishicha, butun dunyoda mavjud tajribaga ko`ra, Samarqand, Xiva, Buxoroda ham har bitta tarixiy yodgorlik muzey-qo`riqxona tarkibiga kirgan va albatta, pullik xizmat ko`rsatiladi. Sayohatchilardan tushgan pulning 50 foizi Respublika madaniy meros departamentiga ketadi, qolgan 50 foizi tarixiy madaniy meros ob`ektlarini ta`mirlash uchun muzey-qo`riqxona hisobraqamida qoladi. Ta`kidlanishicha, ushbu pullarning biror so`mini ham muzey xodimiga mukofot tarzida yoki oylik maoshiga ustama tarzida qo`shib berib bo`lmaydi.

«Biz ham xuddi mana shunday respublikadagi boshqa davlat muzey- qo`riqxonalari kabi ishlayapmiz. O`zingiz o`ylab ko`ring, Samarqanddagi Registon, Bibixonim maqbarasi yoki Go`ri Amir dahmasiga bepul kirib bo`lmaydiku», — deydi Nabi Xushvaqov.

Xushvaqovning ta`kidlashicha, Shahrisabzda faqat muzey-qo`riqxonaga kirish uchun pul to`lanadi, bu pul evaziga ekskursiya xizmati ko`rsatiladi. Masalan, bitta guruh 3 kishidan 15 kishigacha bo`lishi mumkin, shunday guruhga 45 minutlik madaniy servis xizmati ko`rsatish narxi 10 ming so`m.

«Bu 10 ming so`m muzey xodimi cho`ntagiga tushmaydi, u kassaga to`lanib, muzey hisob-raqamiga tushadi va moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun sarflanadi. Bundan tashqari bizda har oyning birinchi yakshanbasida barcha fuqarolar uchun muzey-qo`riqxonaga kirish bepul. Talabalar va o`quvchilar 2000 so`m, kattalar 3000 so`m to`lashadi, xolos. Chet ellik fuqarolar 3 AQSh dollari to`lashadi», — deydi muzey-qo`riqxona direktori.

Qayd etilishicha, Samarqand darvozasidan kirish joyida kelin-kuyovlardan Shahrisabz obodonlashtirish departamenti 152 ming so`m pul oladi. Nabi Xushvaqov bu pullar nima sababdan olinishini bilmasligini aytgan.

 «Odatda bunday ob`ektlarga madaniy servis xizmati ko`rsatilishi uchun pul olinadi. Shahrisabz obodonlashtirish departamenti qanaqa madaniy servis xizmati ko`rsatyapti, buni ham bilmayman. Chunki u bizga aloqador tashkilot emas, Madaniyat vazirligiga qaramaydi. Ana shu holat ham sayohatchilarni chalg`ityapti», — deya oydinlik kiritadi u.

Ma`lumot uchun, 2019 yilda O`zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan muzey Shahrisabz davlat muzey qo`riqxonasiga aylantirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 martdagi «Moddiy madaniy meros ob`ektlari va YuNESKOning Umumjahon merosi ro`yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan shahar hududidagi YuNESKO ro`yxatiga kirgan 220 gektar qal`aning ichi, tarixiy hududi va uning 82 gektarlik muhofaza hududi jami 300 gektardan ziyod tarixiy hudud «Shahrisabz» muzey-qo`riqxona tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi bilan o`tkazib berilgan.

Boshqa yangiliklar