Farg`ona viloyat prokuraturasi tomonidan Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi viloyat boshqarmasi, Quva va Farg`ona tuman bo`limlarida “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonun ijrosi o`rganilgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`rganishlar natijasida 2018-2020 yillarda pensiya tayinlash komissiyalari tomonidan hujjatlar to`liq o`rganilmaganligi tufayli byudjet mablag`lari ortiqcha sarflangan. Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Farg`ona viloyat boshqarmasi, Quva va Farg`ona tuman bo`limlarida vafot etgan fuqarolar nomiga 19,6 mln so`m pensiya to`langanligi va boshqa qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Mansabdor va mas`ul xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo`llanilgan. Shuningdek, jamg`arma ijro etuvchi rahbariyati tomonidan tizimda ishlovchi xodimlarga tushuntirish ishlari olib borildi.
Eslatib o`tamiz, agar Sizda pensiya ta`minoti bilan bog`liq jumladan, pensiya va nafaqalarni tayinlash va to`lashda, tizim bo`yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ijrosini ta`minlashda, hududiy pensiya bo`limlariga murojaat qilganda ta`magirlik, poraxo`rlik, o`z xizmat va mansab vakolatini suiste`mol qilish kabi salbiy holatlar, byurokratik to`siqlar, umuman korrupsion vaziyatlar kuzatilganda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining 1140 “Ishonch telefoni”, www.pfru.uz rasmiy veb-sayti, t.me/PensionFundRUz rasmiy telegram kanali, pension_uz@pfca.mf.uz elektron pochtasi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Yuborilgan xabarlar belgilangan tartibda ko`rib chiqiladi hamda murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Unutmang sizning haq-huquqlaringiz qonun himoyasida!






