AsosiyJamiyat

Xorazmda birovning oilasini buzganlikda ayblangan ayolni tayoq bilan do`pposlashib, sochlarini kesib tashlashdi

'Xorazmda birovning oilasini buzganlikda ayblangan ayolni tayoq bilan do`pposlashib, sochlarini kesib tashlashdi'ning rasmi

Xorazm viloyati Qo`shko`pir tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari (bezorilik) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida, D.Karomat, D.Olma, D.Ra`no va R.Nargizalar bir guruh bo`lib, 2020 yil 9 iyun kuni soat 22:40da,  “Oqdarband” qishlog`i hududida  O.Hamidani “samosud” qilishadi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qildi.

Bir guruh ayollar O.Hamidani D.Karomatning o`g`lining oilasini buzganlikda, uch nafar farzandi etim qolayotganlikda ayblab janjallashib, uni urib do`pposlab,  kiyimlarini yirtib, tayoq bilan tanasining turli joylariga urib, qaychi bilan sochlarini kesib tashlab, qasddan bezorilik jinoyatini sodir qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari o`tkazilib, tegishli tartibda ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`shko`pir tumani sudining hukmiga ko`ra, D.Karomat, D.Olma, R.Nargizalarga 1 (bir) yil 6 (olti) oy va D.Ra`noga 1 (bir)  yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, jabrlanuvchi O.Hamidaning ularga nisbatan hech qanday da`vosi yo`qligi inobatga olingan.

Hurmatli fuqarolar o`zingizni jabrlanuvchi his qilib ayblanuvchiga aylanib qolmang, o`zingizga go`yoki tegishli bo`lgan haq huquqlarni o`zboshimchalik bilan amalga oshirishga urinmang, har qanday vaziyatda ham tegishli davlat idoralariga murojaat qilishingiz so`raladi.

 

    Boshqa yangiliklar