Sudning fermer xo`jaligi foydasiga chiqargan qarori ijrosini ta`minlamagan Shahrisabz tumani hokimining o`rinbosari jarimaga tortildi. Bu haqda Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakilning Telegram’dagi kanali orqali ma`lum qilindi.
Ma`lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tuman hokimining o`rinbosari tumanda faoliyat yurituvchi fermer xo`jaligi manfaatiga chiqarilgan sud qarori ijrosini ta`minlamagani uchun 2020 yil iyunda biznes-ombudsman xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma asosida javobgarlikka tortilgan.
Shunga qaramasdan, tuman hokimi o`rinbosari takroran qonun buzilishi holatini sodir etgan. Xususan, biznes-ombudsmanga «Unumdor er» fermer xo`jaligi (fermer xo`jaligining nomi o`zgartirilgan) murojaat qilib, ma`muriy sudning fermer xo`jaligi manfaatiga chiqqan hal qiluv qarori ijrosini ta`minlashda amaliy yordam so`ragan.
Ushbu holat bo`yicha, biznes-ombudsman tomonidan fermer xo`jaligiga chiqarilgan sud qarorini qonunda belgilangan tartibda ijro qilish to`g`risida xulosa kiritilgan. Xulosa tegishli tartibda ijro qilish uchun tuman hokimining o`rinbosariga yo`naltirilgan. Ammo ushbu hokim o`rinbosari tomonidan fermer xo`jaligi manfaatida chiqarilgan sud qarori ijrosini ta`minlash chorasi ko`rilmagan.
Mazkur qonun buzilishi holati yuzasidan biznes-ombudsman xodimlari tomonidan hokim o`rinbosariga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz tuman sudining 2021 yil 23 fevraldagi qarori bilan hokim o`rinbosari ma`muriy jazo chorasi sifatida takroran jarimaga tortilgan.






