Avvalroq, Jizzaxda yuk mashinasi tirkamasida bo`lgan yuzlab qo`ylar halok bo`lgani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan Jizzax viloyati Prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 20 aprel kuni soat 17-20 larda, tuman hududidan o`tgan “Navbahor-Uchtepa-Jizzax” 4R-38 yo`lining 3 km.da, Rossiya Federasiyasi fuqarosi tomonidan “DAF FT XF105 420” rusumli yuk avtoulovni tegishli hujjatlar bilan Jizzax yo`nalishi bo`ylab boshqarib kelayotib, o`ng old tomon shinasi yorilib ketishi natijasida rul boshqaruvini yo`qotib, yo`l chetiga ag`nab yo`l-ulov hodisasini sodir etgan. Avtoulov yukxonasida jami 300 bosh qo`ylar bo`lgan, shundan 158 bosh qo`ylar nobud bo`lgan bo`lsa, qo`y-qo`zilari bilan birga 142 boshi maxsus uskunalar yordamida qutqarib qolingan. Avtoulov texnik shikastlangan, jarohat olganlar yo`q.
Mazkur holat yuzasidan Paxtakor tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






