O`zbekiston futbol assosiasiyasi kelishilgan o`yinlarga qarshi kurashish maqsadida O`zbekiston futbolchilari kasaba uyushmasi bilan hamkorlikni yo`lga qo`ydi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.

Shu maqsadda O`FA Bosh kotibi Avaz Maksumov hamda kasaba uyushma rahbari Kamoliddin Murzoev ishtirokida uchrashuv bo`lib o`tdi.
Unda kelishilgan o`yinlarga qarshi kurashish bo`yicha FIFA va FIFPro qo`shma loyihasi “Red Button” mobil ilovasini O`zbekistonda amalga tatbiq etish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur mobil ilova orqali kelishilgan o`yinlarni tashkil etish maqsadida futbolchilarga ta`sir o`tkazish, ularni kelishuvlarda qatnashishga majburlash kabi holatlar haqida futbolchilar anonim tarzda O`FAga ma`lumot yuborish imkoniyatiga ega bo`ladi. Bunda yuboruvchilarning shaxsiy ma`lumotlari sir saqlanishiga kafolat beriladi.
Bugungi kunda ushbu dasturdan dunyo bo`ylab 60 mingdan ortiq professional futbolchilar foydalanmoqda va bu kelishilgan o`yinlar bo`yicha o`ziga xos futbolchilar jamoatchiligi nazoratini anglatadi.
“Red Button” ilovasidan faqatgina o`yinchilar foydalanadi va bu umumiy ma`lumot sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bizga berilgan ma`lumotga asosan, Xalqaro jinoiy polisiya tashkiloti – Interpol mutaxassislari “Red Button” dasturini sinovdan o`tkazdilar va uni buzib, foydalanuvchilar ma`lumotini qo`lga kiritishning imkoni bo`lmagan. Natijada Interpol mazkur dasturni 20ta muqobil ilovalar ichida eng xavfsiz ma`lumot berish vositasi sifatida tasdiqlagan”, – deydi O`zbekiston futbolchilari kasaba uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev.
“Ilovadan foydalanish xavfsiz ekanligiga futbolchilarni ishontirib ayta olamizki, ular kerakli axborotni anonim bo`lishini istasa, mavjud tizim mazkur ma`lumotni kim yuborganligini aniqlashga to`sqinlik qilishi mumkin. Hatto futbolchi ma`lumot yuborgan shaxsiy telefonini yo`qotib qo`ygan taqdirda ham, ushbu qurilma orqali dasturdan foydalanganligini aniqlab bo`lmaydi”, – deya qo`shimcha qildi Kamoliddin Murzoev.








